Taniqli jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning «Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak?» sarlavhali maqolasi «Novosti Uzbekistana» nashrida e'lon qilindi. Quyida ushbu maqolaning to‘liq matni o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.

Birinchi rahbar nima desa, bosh chayqab ma'qullaydigan va o‘sha eshitganlari doirasida amal qiladigan amaldorlar endi davlat va jamiyat uchun ortiqcha yuk bo‘layotganligi tobora yaqqol ko‘zga tashlanib bormoqda. Bunday to‘ralar yuzaga kelgan yangicha vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini bilmay, vaqtni behuda o‘tkazishadi va yangi ko‘rsatma bo‘lmaguncha kutishadi. Endi tog‘asi, amakisi yoki cho‘ntagining qudrati bilan amalga o‘tirgan lattachaynar amaldorlar hech kimga kerak bo‘lmay qoldi.

Mamlakatdagi tub o‘zgarish aholining, har bir fuqaroning fidoiyligiga asoslanadi. Aholining ma'lum qatlamida hukmron bo‘lgan mutelik, tobelik, boqimandalik kayfiyatidan qutulish vaqti keldi. Davlat boqishi kerak, davlat hayotimni yaxshilashi lozim degan paternalistik qarashga asoslangan fikrlash, afsuski, ko‘p asrlar davomida ongimizga singib ketgan. Bunday kayfiyatdan qutulish yo‘lida mamlakatimizning shahdam qadamlar bilan taraqqiy etishi uchun fidokor jurnalistlar zimmasida ham katta mas'uliyat yuklatilgan. Endi maddohlar va maddohizm davri ortda qolib bormoqda. 

Haqiqatni yozgan jurnalist buzg‘unchimi?

Bundan besh yil avval toshkentlik bir jurnalist do‘stim quyidagi voqeani aytib bergan edi. U o‘sha paytdagi O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisiga shunday degan ekan: «Toshpo‘lat Rahmatullayev «Oltin qalam» tanloviga maqolalarini yuborgan ekan, u g‘oliblar safidan o‘rin olsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki muntazam tanqidiy-tahliliy maqolalar yozib turibdi». Bunga javoban rais qisqa qilib, «u – buzg‘unchi» degan.

Tabiiyki, agar mening yozganlarimda buzg‘unchilik nafasi kelganda edi, qachonlardir kovushimni shunday o‘nglab qo‘yishardiki, yo‘limni topolmasdan, sarsonim chiqardi. Amaldorlar orasida chuqur ildiz otgan erkin so‘zga qarshilik, haqiqatni gapirganni dushman sifatida qabul qilish kabi nosog‘lom kayfiyatdan qutulish zarur. Busiz demokratik taraqqiyot va iqtisodiy rivojlanish sari odim tashlashi o‘ta mushkul, aslida mumkin ham emas.