17:51 / 18.07.2017
10027

Dorixonalar yil oxirigacha litsenziyani qayta rasmiylashtirishlari lozim 

Avval xabar qilinganidek, Prezident “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 
 
Birinchidan, joriy yilning 1 avgustidan Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish istisno tariqasida “O‘zmedeksport” korxonasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha tender savdolari o‘tkazilmasdan amalga oshiriladi.  Ularning narxini Tibbiyot muassasalari va aholini dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni nazorat qilish bo‘yicha respublika komissiyasi tasdiqlaydi.
 
Ro‘yxatning o‘zi maqbullashtirilishi darkor, unga qat'iy shifokor retsepti asosida sotiladigan preparatlar kiritiladi. Kurs farqlari o‘zgarishining ta'sirini kamaytirish uchun unga kiritilgan savdo nomlanishlariga chakana va ulgurji narxlarni belgilash tartibi qayta ko‘rib chiqiladi.
 
Ikkinchidan, joriy yilning 1 iyuligacha tuzilgan import kontraktlari bo‘yicha dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish va sotish ularni tuzish sanasida amalda bo‘lgan shartlar va belgilangan narxlarda amalga oshiriladi.
 
Uchinchidan, tibbiyot mahsulotlarini sertifikatlashtirish faqatgina “O‘zstandart” agentligida o‘rnatilgan tartibda akkreditatsiya qilingan davlat sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshiriladi.
 
Kelasi yilning 1 yanvariga qadar esa dorixonalar farmmahsulotlarni chakana sotish uchun litsenziyani qayta rasmiylashtirishlari shart.  
 
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmasida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish sho‘'balari tashkil etiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 30 taga oshirildi.
 
Shuningdek, yaqin vaqtlarda farmatsevtika va tibbiyot mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashning metodologiyasi reglamentlanadi. U kasallanish, bemorlar soni, davolanish kurslari va boshqa mezonlarni inobatga olishi darkor.

Top