O‘zbekiston | 21:40 / 18.07.2017
75439
10 daqiqa o‘qiladi

Prezident soliq ma'muriyatchiligining zamonaviy usullariga o‘tishga farmon berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Farmon matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Ushbu hujjatda O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh etishning muhim yo‘nalishlari belgilab berilgan.

1. Soliq ma'muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik sub'yektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish; 

2. Soliq solish obektlari va soliq solinadigan bazaning o‘z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta'minlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan ishonchli axborotni o‘z muddatida taqdim etish bo‘yicha mas'uliyatini kuchaytirish; 

3. Soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to‘lovchilarga har tomonlama ko‘maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta'sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish; 

4. Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish obektlarini to‘liq qamrab olishni ta'minlash va soliq solinadigan bazani kengaytirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

5. Faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama ko‘maklashish, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish, o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish; 

6. Soliq solish masalalarida, shu jumladan respublika va mahalliy byudjyetlar daromadlarini oshirishning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish; 

7. Kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, soliq organlarini ma'naviy-axloqiy jihatdan yuqori malakali xodimlar bilan to‘ldirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta'minlash va ular uchun xizmatni o‘tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish. 

2018 yilning 1 yanvaridan soliq monitoringi joriy etiladi.

«2018 yil 1 yanvardan soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etiladi», deyiladi O‘zA sharhida.

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha soliq ma'muriyatchiligi funksiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi. Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan halol soliq to‘lovchilar – xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq ta'tillari berilishi mumkin.

O‘tkazilgan kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to‘lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini sud tartibida undirish joriy etiladi.

Ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab 15 ish kuni ichida amalga oshiriladi.

Davlat soliq xizmati organlariga kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini 5 bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtinchalik to‘xtatib turish vakolati beriladi. Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma'lumotlarning onlayn rejimida berilishini ta'minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etiladi, respublikaning qolgan hududlarida mazkur tizim bosqichma-bosqich kiritiladi.

Soliq tekshiruvi obektlarini samarali tanlab olish uchun soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavflarini tahlil qilish, shuningdek soliq organlari tomonidan yuqori likvidli mahsulotlar haqiqiy ishlab chiqarish hajmining doimiy hisobi va nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi. Davlat soliq xizmati organlari xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshiradi, natijasi bo‘yicha soliq solinadigan bazani aniqlashtiradi. 

Davlat soliq xizmati organlarining shtatlar sonini qisqartirish hisobidan cheklangan shtat soni 41 nafardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilib, unga quyidagi asosiy vazifalar yuklanadi:

soliq solish tizimi, soliq va bojxona ma'muriyatchiligini tahlil qilish va baholash asosida byudjyet daromadlarini ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini ta'minlash; 

soliqlar turlari va hududlar kesimida soliq va bojxona to‘lovlarining yig‘iluvchanlik darajasini tizimli tahlil qilish, uning tarmoq va hududlar kesimida pasayishiga ta'sir etuvchi omillar va ularning oqibatlarini aniqlash; 

hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va soliq to‘lash salohiyatini hisobga olgan holda Davlat byudjyeti daromadlari prognoz ko‘rsatkichlarining xolisligi va asosliligini baholash; 

soliq solish obektlari va soliq solinadigan bazani to‘liq qamrab olish ustidan qat'iy nazorat o‘rnatish, manzilli yo‘nalishlar va nazorat dasturlarini, shu jumladan soliq va boshqa moliya organlarining axborot tizimlari ma'lumotlarini tahlil va monitoring qilish asosida shakllantirish; 

davlat organlari va tashkilotlarining soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan ma'lumotlar bazalarining ishonchliligini baholash; 

daromadlar prognozini sifatli shakllantirish va bajarish, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yig‘iluvchanligi va soliq to‘lovchilar hisobining to‘liqligini ta'minlashda moliya va soliq organlarining mas'uliyatini oshirish hamda ularga har tomonlama ko‘maklashish choralarini ko‘rish. 

Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma'muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.

Dasturda ko‘rsatilgan vazirlik va idoralar rahbarlari unda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan mas'ul ekani belgilab qo‘yiladi.

2018 yilning 1 yanvariga qadar soliq to‘lovchilar davlat soliq xizmati organlarining barcha davlat xizmatlaridan, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron foydalanish imkoniyati bilan ta'minlanadi. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub'yektlari elektron raqamli imzo bilan to‘liq ta'minlanishi amalga oshiriladi.

Soliq qonunchiligi va soliq ma'muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha Ishchi komissiya tuziladi. 

Farmonga ko‘ra, ishchi komissiya (J.Qo‘chqorov) Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Dasturda belgilangan muddatlarda kiritadi: 

soliq ma'muriyatchiligi va nazoratini tashkil etish tartibi hamda metodologiyasini tubdan takomillashtirish; 

xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va jismoniy shaxslarning soliq yukini yanada kamaytirish; 

xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni “yirik soliq to‘lovchilar” toifasiga kiritish mezonlarini belgilash; 

bir xil soliq solish obektlariga ega bo‘lgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni birlashtirish; 

soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash uchun qo‘shimcha mezon (oborotning chegaraviy miqdori) joriy etishni va ushbu miqdor oshgan korxonaga, kichik tadbirkorlik sub'yekti maqomini saqlab qolgan holda, qo‘shimcha soliq majburiyatlarini belgilash; 

borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda faoliyatini amalga oshiradigan, shuningdek dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qiladigan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliq stavkalarini optimallashtirish; 

alkogolli mahsulotlar hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan tayyorlangan buyumlarni chakana sotish huquqi uchun yig‘imning hududlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalari;

halol, shu jumladan ish o‘rinlarini va mehnatga haq to‘lash fondini legallashtiradigan soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish choralarini joriy etish; 

Internet tarmog‘ida savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida soliq nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish; 

davlat soliq xizmati organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish; 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Soliq akademiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish. 

Mavzuga oid