21:40 / 19.07.2017
48043

Rishod Sobirov rahbarlik lavozimiga tayinlandi

Foto: Anvar Ilyasov

Toshkent shahrida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Sports.uz xabariga ko‘ra, ushbu majlisda O‘zbekistonda dzyudoni yanada ommalashtirish, sportchilarni xalqaro maydonda yuksak natijalarga erishishi uchun yetarli sharoitlar yaratish, mahoratli dzyudochilarni tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilingan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tarkibiga o‘zgartishlar kiritilgan. Federatsiya vitse-prezidenti Armen Bagdasarov o‘z o‘rnida qolgan. Yana ikki vitse-prezident lavozimini Dmitriy Adisman va Shavkat Mo‘minov egallagan.

Olimpiya o‘yinlarining uch karra sovrindori va ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirov esa O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bosh kotibi etib tayinlangan.

«Bu vazifaga meni loyiq ko‘rishgani sharaf. Men dzyudoni yanada rivojlantirishga bor kuch-quvvatimni bag‘ishlayman. Asosiy maqsadimiz 2020 yili Tokioda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida yuqori natija qayd etadigan dzyudochilarni tayyorlashga qaratiladi», degan Rishod Sobirov.

Mavzuga oid
Top