Jahon | 11:04 / 19.07.2017
20473
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migratsiya kodeksi paydo bo‘ladi

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya IIV 2017 yilning oxirlariga kelib mamlakatdagi ilk migratsiya kodeksini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda, u migrantlarga nisbatan davlat siyosatini belgilaydi. Bu haqda IIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy Federal yig‘ilishdagi majlisda ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS.

«Biz amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish hamda RF migratsiya kodeksini tayyorlashni boshlashni rejalashtirmoqdamiz», - dedi u.

Gorovoyning ta'kidlashicha, migratsiya oqimlari, xuddi maqsadlari kabi, o‘zgarib boradi, shu sababdan mamlakatda migratsiya siyosatini tartibga solib turuvchi qonunchilik ham o‘zgarishi lozim. 

IIV rahbari o‘rinbosarining ishontirishicha, Rossiyadagi kriminogen holatga boshqa davlatlardan kelganlar tomonidan bosim «jiddiy emas»: uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar tomonidan sodir etiluvchi jinoyatlar yil sayin kamayib bormoqda.

2016 yilning dekabrida «Nezavisimaya gazeta» ham Rossiyada migratsiya kodeksi paydo bo‘lishi haqida yozgandi. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, tegishli loyihani tayyorlash bilan huquq himoyasi tashkilotlari Rossiya IIVning migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda shug‘ullanmoqda. O‘shanda gazeta boshqa davlatlardan kelgan migrantlarga nisbatan siyosatni insonparvarlik tamoyillari asosida olib borish taklif etilgani haqida yozgandi. IIV bo‘linmasi vaqtinchalik yashash va yashashga ruxsat beruvchi hujjatlarni yagona hujjatga almashtirishni ham rejalashtirmoqda. Shuningdek, nashrning ta'kidlashicha, Rossiya fuqaroligini olmoqchi bo‘lgan va rus tili ona tilidek bo‘lgan boshqa davlat fuqarolarining o‘sha mamlakat fuqaroligini bekor qilish bo‘yicha tuzatishlar ham tayyorlanadi.

Mavzuga oid