08:25 / 20.07.2017
21680

Beshikdan qabrgacha ilm izla: saudiyalik 100 yoshida savodini chiqarmoqda

Foto: Arabnews

Saudiyalik 100 yoshli Yahyo bin Fayi al Ritiy endi savodini chiqarishni boshladi. U Visha ma'muriy birligi fuqarosi sifatida Al Sada Markazidagi savodxonlik kampaniyasi doirasida tashkil etilgan yozgi maktabga qatnay boshladi. Bu haqda Arabnews xabar qilmoqda.

Yahyo kampaniyada ishtirok etayotgan 900 nafar erkak va ayollardan biridir. U sog‘lig‘ining yaxshi emasligiga qaramay, o‘qishga qiziqmoqda. Uning aytishicha, o‘qish va yozishni o‘rganish azaliy orzusi bo‘lgan va bugungi kunda u Qur'oni Karim oyatlarini o‘qiy boshlaganida orzusi ushalganini his qilmoqda. 

Bu yilgi yozgi kampaniya 2 oy davom etib, unda 30dan ortiq o‘qituvchi o‘qish-yozishni bilmaydigan fuqarolarga ilm beradi. 

Talabalarning yana biri Yahyo al Qohtaniy ham o‘qish-yozishni o‘rgatuvchi yozgi maktabga qatnayotganidan xursandchiligini yashirmagan va ta'lim departamentining bu boradagi sa'y-harakatlarini e'tirof etgan.

Uning safdoshlaridan yana biri Ibrohim bin Ahmad Said Faroj kitoblarini ko‘targan holda sinfxonaga kirar ekan, “men o‘qish va yozishni o‘rganish uchun taqdim etilayotgan ushbu imkoniyatdan foydalanib qolish maqsadida dalamni va omochimni tashlab kelayapman”, deya ta'kidladi. 

Top