O‘zbekistonda ayni paytda global-siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar davri boshlandi. Shuning barobarida davlat va jamiyat hayotining juda ko‘p tarmoqlariga yangicha nuqtai nazar bilan qarashga o‘tildi. Aytish kerakki, migrantlarning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi salmoqlidir. Ammo jarayon iqtisodiy o‘sish bilan chegaralanib qolmaydi. Migrant zamonaviy texnologiyalar bilan ishlab, o‘z tajribasini oshiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. Hozirgi kunda tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining faol ishtirokida ushbu sohadagi huquqiy asoslar takomillashtirilmoqda.

Bugun mazkur agentlik hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘lmoqda? Aholi o‘rtasida agentlikka bo‘lgan munosabat nimalar evaziga yaxshilanmoqda? Kun.uz ijodiy jamoasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Xo‘jabahlil Asomov bilan ochiq muloqotda bo‘ldi. 

Xo‘jabahlil Asomov chetga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida agentlik tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalar ekan, shunday dedi: “Ayni kunlarda dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda shunday jarayonlar ketyaptiki, yaqin kelajakda aniq-aniq davlatlarga ishlash uchun odam yuborish bilan xususiy kompaniyalar shug‘ullanishni boshlaydi. Bu yangilik qonun yo‘li bilan tasdiqlanadi va mustahkamlanadi. Bundan tashqari, agentlikning shu kungacha O‘zbekistonning beshta viloyatida filiali mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ular butun respublika bo‘ylab ochildi. Ular bizning joylardagi vakillarimiz bo‘lib, fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollar bilan filiallarimizga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, qaysi bir davlat bizga vakant jo‘natsa, ushbu vakant haqida ma'lumot barcha filiallarda bo‘ladi”.

Janubiy Koreyaga ishlash uchun ketish vaqtida olingan imtihonda yuzaga chiqqan mashmasha haqida izoh bera turib, suhbatdoshimiz quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi: “Bu masala nafaqat O‘zbekistonda, balki ayrim chet el davlatlarida ham o‘ziga xos reaksiya keltirib chiqardi. Aytishim mumkinki, o‘sha jarayonga mas'ul barcha rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etildi. Test sinovlarini tashkil etishda kelgusida yangicha yondashuv qo‘llaniladi. Ya'ni, chet davlatga ishlagani ketmoqchi bo‘lgan fuqaro yil o‘n ikki oy, haftaning besh kunida test topshirishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu testlarga agentlik sayti orqali tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati taqdim etiladi. Bu bilan ular o‘z bilimlarini oshirib borishadi. Shu o‘rinda aytib o‘tishim lozimki, bu tizim to‘liq ishga tushgach, aholi o‘rtasida qayta test sinovlari bo‘lib o‘tadi.