O‘zbekiston | 09:22 / 21.07.2017
11436
3 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: siyosiy partiya degan organizmdagi bir bo‘g‘in ishlamayapti

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekistonda tom ma'noda yetakchi bo‘lgan siyosiy partiya mavjud emas va borlarining ham ma'lum bir tizimi ishlamayapti. Siyosiy fanlar doktori, professor Muqimjon Qirg‘izboyev XPKda bo‘lib o‘tgan sessiyada ekspert sifatida ishtirok etib, respublikada faoliyat olib boruvchi so‘l va o‘ng kayfiyatdagi partiyalar mohiyatiga izoh berdi hamda bu kabi partiyalar bor-yo‘qligi xususida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Oddiy so‘z bilan aytganda, aslida partiya yo‘q darajada. Misol uchun Toshkentda 30-40 kishidan iborat partiya apparati xodimlari o‘tiradi, 50-60 ga yaqin Kengash a'zolari viloyatlarda istiqomat qiladi, viloyat kesimida 4-5 nafar odam, tumanda 3-4 nafar kishi ishlaydi. Shuni aytish kerakki, partiya degani bu partiya apparati, boshqaruvchi organi degani emas, balki uning boshlang‘ich tashkilotlari partiya deyiladi. Qachonki, boshlang‘ich tashkilotlar uyushib, partiyaviy tus olib, mafkurani o‘zida his qilib, partiyaga daxldorlik tuyg‘usi bilan tuman, shahar, viloyatlarga (hokimiyatlariga taklif va tashabbuslarini ilgari sura boshlaydi-tahr.) bosim qiladi, o‘shanda partiya ishlaydi. Shunday ekan, boshlang‘ich tashkilotlar kuchaytirilmasa, partiyani partiya deb bo‘lmaydi”, - dedi Qirg‘izboyev.

Kirgizboyev Muqimjon, Andijon Davlat universiteti, siyosiy fanlar doktori, professor

Ekspertning fikricha, jamiyat bir organizm kabidir. Uning bir a'zosi ishlamay qolsa, jamiyat depsinib, orqaga ketadi. “Hozir siyosiy partiya degan organizmdagi bir bo‘g‘in ishlamayapti. Ana shu bo‘g‘in ishlasa, jamiyat ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘kis harakat qilishga o‘tadi. Shuning uchun ham bu masala nihoyatda katta masaladir. Qolaversa, bu odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini qonunlarda, Prezident chiqarayotgan farmonlar va qarorlarda aks ettiradigan hodisa”, - dedi ekspert. 

U, shuningdek, O‘zbekistonda parlamentda ustunlik qila oladigan va mamlakatda haqiqiy hukmron partiya bo‘lishga loyiq partiya bor-yo‘qligi xususida ham fikrlarinii bildirdi. “Masalan, bizda yetakchi partiya deb O‘zLiDeP tan olingan. Ammo qonunchilikka ko‘ra, Qonunchilik palatasida 150 deputatlik o‘rni bo‘lsa, shundan 76 ta o‘rinni egallagan partiya yetakchi partiya hisoblanadi. Bizda atigi 49-50 deputati bor O‘zLiDeP yetakchi partiya maqomida”, - deya masalaga oydinlik kiritdi Qirg‘izboyev. 

Mavzuga oid