21:00 / 21.07.2017
5869

Erdo‘g‘an GFR hukumatining "qora ro‘yxat" haqidagi bayonotini inkor etdi

foto: AFP 2017 / Tobias Schwarz

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Germaniya iqtisodiyot vaziri Brigitte Tsiprisning bayonotini inkor etdi. Tsipris Turkiyada terrorizmga ko‘mak berishda gumon qilinayotgan nemis kompaniyalarining "qora ro‘yxati" borligini aytgan edi.  

Reyter agentligining xabar qilishicha, Germaniya iqtisodiyot va energetika vaziri Brigitte Tsipris mamlakat hukumati Turkiyada biznes olib boruvchi va asossiz ayblovlar sababli "obro‘li nemis kompaniyalari to‘satdan terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchilar "qora ro‘yxati"ga kiritilayotganlar"ni himoya qilishini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Turkiyada yangi biznes yuritish va sarmoya kiritishni qiyinlashtiradi. 

"Germaniya iqtisodiyot vazirining bizning iqtisodiyotga sarmoya kiritayotgan sarmoyadorlarni qo‘rqitish maqsadida aytgan bayonotini qat'iy ravishda qoralayman. Turkiyada nemis kompaniyalariga qarshi tergov ishlari olib borilayotgani haqidagi xabar butunlay yolg‘on. Eng yaxshi loyihalarni biz Germaniya kompaniyalari bilan birga amalga oshiramiz. Bizda xorijiy kompaniyalar "qora ro‘yxati" borligini isbotlashga taklif etaman. Siyosiy muammolar keladi, ketadi. Iqtisodiy munosabatlar esa qoladi", — degan Erdo‘g‘an xorijiy sarmoyadorlar bilan Istanbulda o‘tkazgan uchrashuvida. 

U, shuningdek, Germaniyaning Turkiyaga sayyohlik qilish xavfli ekani haqidagi ogohlantirishi asossiz va g‘arazli ekanini qo‘shimcha qilgan. U Berlinni Germaniyada yashiringan FETO va Kurdiston ishchi partiyasi a'zolarini topshirishga chaqirgan. 

Germaniya TIV rahbari Zigmar Gabriel esa, 20 iyulda GFR Anqaraga nisbatan iqtisodiy siyosati, kredit va sarmoyaviy dasturlarini qayta ko‘rib chiqishini aytgandi. Bunga Turkiyada huquqni himoya qiluvchi faollarning hibsga olingani sabab qilib ko‘rsatildi. Turkiya tashqi ishlar vazirligi Gabriel bayonotini ikki mamlakat o‘rtasidagi inqirozni chuqurlashtiruvchi omil deb baholadi. 

Mavzuga oid
Top