O‘zbekiston | 10:22 / 24.07.2017
14651
3 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron va Yangiyo‘l viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar bo‘ladi

Foto: «Toshvil.uz»

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 20 iyul kuni “Toshkent viloyatining ma'muriy-hududiy tuzilishini hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Davlat rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifidan bir kun avval qabul qilingan hujjat viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yanada jadallashtirish, ayniqsa shaharlardagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, viloyatning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, ushbu vazifalarni amalga oshirishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini takomillashtirish va ularning mas'uliyatini yanada kuchaytirish, shuningdek shahar va tumanlar aholisining farovonligini oshirish va turmush sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan. 

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shahar turkumiga kiritish hamda uni Toshkent viloyatining ma'muriy markazi etib belgilash;

Toshkent viloyatining Ohangaron va Yangiyo‘l shaharlarini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Zangiota tumani hududi chegarasi doirasida Zangiota va Toshkent tumanlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Hujjat bilan Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyatiga qo‘shimcha 5 ta shtat birligi ajratildi hamda viloyat hokimligi huzurida 35 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Turizmni rivojlantirish departamenti tashkil qilinadi.

Toshkent viloyatidagi avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti tarkibida 4 ta shtat birligidan iborat Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlari va yangidan tashkil etiladigan Toshkent tumanida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish masalalari bo‘yicha sho‘'ba tashkil qilinadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligiga Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Parkent” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U. S. Ismailov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid

E`lonlar