15:15 / 24.07.2017
27043

Toshkent davlat agrar universiteti rektori Parkentda bo‘ldi

Ma'lumki, kuni kecha davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy - iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent viloyatiga tashrif buyurdi. Prezident ushbu viloyatga tashrifining ikkinchi kuni, 22 iyulda Parkent tumanida bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev lalmi maydonlarni to‘liq meva-sabzavotchilikka o‘tkazish, xaridorgir mahsulotlar yetishtirishni ko‘paytirish lozimligini ta'kidladi. Shuningdek, Prezident ushbu tumanda yangi barpo etilgan intensiv bog‘ni borib ko‘rdi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha darajadagi raxbarlarga ushbu tumanda barpo etilgan intensiv bog‘ bilan yaqindan tanishishni tavsiya etdi. 

Berilgan tavsiyalarni amaliyotga joriy etish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti rektori, professor Botirjon Abdushukirovich Sulaymonov rahbarligida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tasarufidagi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejlari rahbarlari, Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari, Andijon qishloq xo‘jalik instituti rektori Abduvasikov Abduaziz Abdulazizovich va boshqa qiziquvchilar Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi ko‘p yillardan buyon aholi yashash joylarini ko‘kalamzorlashtirishda, manzarali bog‘larni barpo qilishda foydalanadigan yuqori manzarali va fitonsidli daraxt va buta turlarining ko‘chatlarini yetishtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi hamda mazkur muassasa rahbari Muxamedjanov Aminjon Xoji ota bilan suhbatda bo‘ldi.

Qatnashchilar xususiy korxona faoliyatida yetishtirilayotgan Virgin archasi, Qrim qarag‘ayi, Sharq biotasi, Tyanshan qoraqarag‘ayi, Tikanli qoraqarag‘ay, Oq qayin, Maydabargli jo‘ka, Soxta kashtan, Go‘zal katalpa, Maklyura, Qayrag‘och, Hind nastarini, shamshod kabi nayob manzarali daraxt va buta turlarining turli yoshdagi va turli ko‘rinishda shakl berib parvarishlanayotgan o‘simliklari bilan tanishdi.

Mazkur korxonaning manzarali daraxt va butalar ko‘chatlarini turli yoshida va turlicha ko‘rinishda qirqib, shakl berib o‘stirish texnologiyalari tajribalarini oliy ta'limning “O‘rmonchilik va o‘rmon melioratsiyasi”, “Manzarali bog‘dorchilik va ko‘kalamzorlashtirish” bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limining “O‘rmon xo‘jaligi texnigi” kasb yo‘nalishi o‘quv jarayoniga kiritish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti rektori Sulaymonov Botirjon Abdushukirovich tomonidan:

1. Manzarali daraxtlar va butalar ko‘chatlarini shakl berib o‘stirish tajribalarini fanning o‘quv dasturlariga kiritish;

2. Talabalarning o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini xususiy korxona bazasida o‘tkazish;

3. Manzarali daraxt va buta turlari ko‘chatlarini shakl berib o‘stirish tajribalarini talabalarga o‘rgatishi uchun korxona rahbari Muxamedjanov Aminjon Xoji otani kafedraga ishga qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Aytish kerakki, mazkur amaliy harakatlar universitet va Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.    

 

Mavzuga oid
Top