22:10 / 25.07.2017
7632

Afrika kompaniyasi 190 mlrd dollarlik soliqqa tortildi

foto: ACACIA MINING

Tanzaniyaning oltin qazib olish bilan shug‘ullanuvchi Acacia Mining kompaniyasiga 190 mlrd dollarlik qo‘shimcha soliq solindi. Bu hisobchining xatosi emas – Tanzaniya hukumati Acacia Mining davlatni 40 mlrd dollarga aldagan deb topgan, qolgan 150 mlrd dollar esa jarima va penyalar sifatida yig‘ilib qolgan.

190 mlrd dollar bu shunchaki juda katta miqdor emas, bu mutlaq aql bovar qilmas summadir. Rossiyaning bir vaqtlar eng yirik neft kompaniyasi "YuKOS" soliqchilar unga 25 mlrd dollarlik qo‘shimcha soliq (jumladan jarimalar va sho‘'ba korxonalarga e'tirozlar bo‘yicha) hisoblab berganlaridan keyin kasodga uchragan.

Shuningdek, bir nechta kompaniyalargina 190 mlrd dollarlik bozor narxiga ega. Dunyoning eng qimmat kompaniyasi Apple 792 mlrd dollar turadi. Bloomberg’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, Acacia Mining hukumat bilan to‘liq hisob-kitob qilishi uchun 200 yillik daromadini berishi kerak bo‘ladi.

"40 mlrd dollarlik qiymat – bu oltin qazib oluvchi dunyodagi  5 ta yirik kompaniyaning 2000 yildan beri to‘lab bergan umumiy soliq miqdoridan 2 marta ko‘proqdir", deb aytgan Investec Plc. tahlilchisi Xanter Xillkoat. Hattoki Tanzaniyaning yillik yalpi ichki mahsuloti kompaniyaga bildirilgan moliyaviy e'tirozlardan kamroqdir, u 150 mlrd dollarga yaqinni tashkil qiladi.

Tanzaniya hukumati va Acacia Mining o‘rtasidagi bahs bir necha oydan beri davom etmoqda: amaldorlarning fikricha, kompaniya o‘ziga tegishli ikkita kondan eksportni deklaratsiya qilmagan. Kompaniya esa buni rad etmoqda. Tanzaniya mart oyida ishlanmagan oltin va mis eksportini taqiqlab qo‘ygan, bu esa Acacia Mining’ga kuniga bir necha million dollarlik zarar keltirmoqda.

Top