10:00 / 26.07.2017
8011

Namanganning To‘raqo‘rg‘onida yong‘in yuz berdi, bir inson hayotdan ko‘z yumdi

O‘zbekiston Respublikasi IIV  Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati o‘tgan hafta mobaynida sodir bo‘lgan yong‘inlar haqida ma'lumot berdi.

Xususan, Jizzax viloyatining Jizzax shahrida yashovchi X.Mamadiyarovning uyida elektr simlarning qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 60 kv.metr maydonda tom qismi hamda qo‘shni uyining 40 kv.metr maydonda tom, shift qismlari va uy jihozlari yongan.

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi Yu.Mahkamova oshxonaga kirib, gugurt yoqqan vaqtida xonaga to‘plangan gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Chaqnash natijasida chiqqan yong‘indan uyning 30 kv.metr maydonda tom, shift qismlari va uy jihozlari yonib zararlangan. Yu.Mahkamova esa kuyish tan jarohatini olib voqea joyida vafot etgan. Yong‘in sababi o‘rganilganda, oshxonadagi gaz plitaga ulangan propan gaz balloni shlangidan gaz sizib chiqib, to‘planib qolishi bo‘lgan.

Jizzax viloyatining Sh.Rashidov tumanida harakatlanib ketayotgan, A.Qodirov boshqaruvida bo‘lgan «Zil-130» rusumli yuk avtomobilida elektr simlarning qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘inni o‘chirish vaqtida avtomobil egasi va uning yo‘lovchisi kuyish tan jarohatini olib, shifoxonaga joylashtirilganlar.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi S.G‘ayratovning uyida yosh bolalar nazoratsiz qolgani va gugurt o‘ynashlari oqibatida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 160 kv.metr maydonda tom, shift qismlari va uy jihozlari hamda qo‘shni uyining 150 kv.metr maydonda tom qismi yongan.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yashovchi K.Bozorovning molxonasida elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, molxonaning 85 kv.metr maydonda tom qismi va g‘amlab qo‘yilgan hashak yongan.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi K.Pavlikov o‘z uyida sigareta chekishi va ehtiyotsizligi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada uyning 100 kv.metr maydonda tom, shift qismlari va uy jihozlari yonib zararlangan.

Top