18:14 / 26.07.2017
8133

Rossiya: “Tolibon”ga qurol-yarog‘ yetkazib berayotganimiz haqidagi ayblovlar asossiz

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Moskva Afg‘onistondagi “Tolibon” radikal harakatiga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani haqida ayblovlarni asossiz, deb atadi. Bu haqda Rossiya TIV saytida aytiladi.

Avvalroq CNN telekanali syujyetlaridan birida Rossiya toliblarga Eron hamda Tojikiston orqali qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani haqidagi bayonot bilan chiqqandi.

“Eski o‘qotar qurol ko‘rsatilgan videomateriallarni jiddiylik bilan qabul qilish mushkul, ularning qayerdan kelib chiqqanini ham aniqlab bo‘lmaydi. Unda ishlab chiqaruvchi nomi yo‘q, seriyali raqamlar o‘chirib tashlangan. Bundan tashqari, ko‘rsatilgan qurollar – namunali. Ma'lumki, bundaylar faqatgina Rossiyada emas, balki boshqa davlatlar, jumladan, Sharqiy Yevropada ham ishlab chiqarilgan bo‘lib, aynan o‘sha yerdan 2000-yillarning boshida amerikaliklar ularni Afg‘onistonga ommaviy ravishda olib kirishgan”, - deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, vazirlikdan eslatishlaricha, yaqinda toliblar Hilmond viloyatida afg‘on milliy xavfsizlik kuchlariga hujum qilib, bunda Amerikaning Humvee zirhli mashinalaridan foydalanishgan.

“Si-en-en” mantig‘iga ko‘ra, bu ma'lumot asosida qanday xulosa chiqarish mumkin”, - deya qo‘shimcha qilib o‘tishdi TIVdan.

Bundan tashqari, tashqi siyosat idorasi g‘arb va Afg‘onistondagi qator OAVning Rossiya “Tolibon” jangarilarini qo‘llab-quvvatlayotgani yuzasidan ayblovlarini ham asossiz, degan.

 

Top