11:30 / 27.07.2017
18680

«Manchester Siti» «Real»ga 4ta gol urdi

International champions cup musobaqasining AQShda davom etayotgan guruhida yana bir markaziy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda «Manchester Siti» Madridning «Real» klubiga qarshi maydonga chiqib, raqibni ayab o‘tirmadi.

Birinchi bo‘limda ikkala jamoada ham yaxshi imkoniyatlar bo‘lgan bo‘lishiga qaramasdan, hisob ochilmay qolgandi. Biroq ikkinchi bo‘limda Gvardiola jamoasi butunlay boshqacha kayfiyatda tushib keldi. Avvaliga Nikolas Otamendi burchak to‘pidan so‘ng yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalanib hisobni ochgan bo‘lsa, 59-daqiqada Rahim Sterling Uoker-de Bryuyne-Sterling superkombinatsiyasini muvaffaqiyatli yakunlab qo‘ydi. 67-daqiqada yana Kevin de Bryuynening to‘p uzatishidan so‘ng, bu safar Jon Stounz madridliklar darvozasini aniq nishonga oldi.

Ikkinchi bo‘limning so‘nggi qismida ikkala jamoada ham asosan yoshlar harakat qilishdi va bu vaqtda «Siti» yoshlari faolroq bo‘lishdi. 81-daqiqada Patrik Roberts bilan kombinatsiyani amalga oshirgan «shaharliklar» kelajagi Brahim Dias uzoq masofadan Kiko Kasilyani ojiz qoldirdi. «Real» futbolchilari so‘nggi daqiqada Oskar Rodrigesning chiroyli goli bilan bir marta javob qaytara olishdi. Natijada o‘yin 4:1 hisobida Gvardiola shogirdlari g‘alabasi bilan tugadi.

International champions cup
AQSh, Los-Anjyeles

Manchester Siti (Angliya) – Real Madrid (Ispaniya) 4:1 (0:0)
Gollar: 
Otamendi (52), Sterling (59), Stounz (67), Brahim Dias (81) – Oskar Rodriges (90).

Manchester Siti: Ederson (Grimshou, 80), Uoker (Dyueyni, 70), Kompani (Mangalya, 46), Stounz, Danilo (Sane, 80), de Bryuyne (Zinchenko, 69), Ture (Roberts, 80), Foden (Nasri, 46), Otamendi (Adarabioyo, 80), Gabriel Jyezus (Brahim Dias, 69), Aguero (Sterling, 46).
Real Madrid: Navas (Kasilya, 46), Varan (Valexo, 62), Nacho (Asensio, 62), Marselo (Xakimi, 62), Karvaxal (Texero, 62), Kazemiro (Teo, 62), Modrich (Oskar Rodriges, 62), Isko (Sebalos, 62), Kovachich (Vaskes, 62), Beyl (Markos Lorente, 61), Benzema (Mayoral, 62).
Ogohlantirishlar: Ture (29), Nacho (33), Karvaxal (41), Nasri (88).

Top