Iqtisodiyot | 10:40 / 27.07.2017
31367
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston valyuta bozorini liberallashtirish mahsulotlar qimmatlashuviga olib kelishi mumkin

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekistonda mamlakat iqtisodiyotini valyuta islohotlarini o‘tkazishga, ya'ni milliy valyutaning xalqaro valyutalarga erkin almashinuvini yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rmoqda. Xalqaro Press-klub sessiyada ishtirok etgan spikerlar bu mavzuni ham chetlab o‘tishmadi. Xususan, konvertatsiya masalasida fikr bildirgan O‘zbekiston Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Shuhrat Ismoilovga ko‘ra, bunda ayrim mahsulotlar tanqisligi kuzatilishi va ularning qimmatlashishi kuzatilishi mumkin. 

«Bizning zaxiralar ayrim sohalarning yangi sharoitlarga moslashib olishdagi yo‘qotishlarini qoplashga yetadi. Asosiy masala – inflyatsiya, pulning qadrsizlanishi. Shu narsa aniqki, iqtisodiyot liberallashtirilganda, ayrim mahsulotlar qimmatlashadi. Bunga bizning mahsulotlarning tashqi bozorlarda narxi bo‘yicha raqobatbardosh bo‘lgani ham sabab bo‘ladi. Xorijiy mamlakatlarda o‘zbek mahsulotlariga talab ortganidan so‘ng, ichki bozorda tanqislik yuzaga kelishi mumkin», – dedi Shuhrat Ismoilov. 

Uning aytishicha, hukumatning moliya-iqtisodiy idoralari bu masalani ham jiddiy o‘rganmoqda. 

«Gap shundaki, barcha sohalar, bank tizimi va bizlarning asosiy ishlab chiqaruvchilarimiz valyuta liberallashuviga bir onda yoki bosqichma-bosqich o‘tishimizdan qaysi biriga tayyor? Biz bu yo‘nalishda XVJ bilan ko‘plab muhokamalarni olib bordik, qaysi sohalar zarar ko‘radi, ularni qancha muddatga moliyaviy qo‘llab-quvvatlashimiz kerak bo‘ladi? Ushbu holatlar Markaziy bank, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari bilan tahlil qilinmoqda. Yana bir marta takrorlayman, biz barcha sohalarimizni erkin valyuta kursiga tayyorlashimiz kerak», – dedi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari. 

Mavzuga oid