09:32 / 28.07.2017
6095

AQSh Suriya qurolli muxolifati guruhlaridan biri bilan aloqalarni uzdi

Foto: Reuters

Amerika Qo‘shma Shtatlari Suriya qurolli muxolifati guruhlaridan birini qo‘llab-quvvatlamaslikka qaror qildi. Bu haqda Iroq va Suriyada o‘tkazilayotgan Inherent Resolve ("Tebranmas qat'iyat") harbiy amaliyoti shtabi rasmiy vakili, Amerika quruqlikdagi kuchlari polkovnigi Rayan Dillon ma'lum qildi. 

Uning jurnalistlarga aytishicha, gap Suriya janubida faoliyat yurituvchi "Shuhada al-Qaryatayn" guruhi haqida bormoqda. Bu tuzilma shu damgacha AQShning "hamkorlaridan biri" bo‘lganini Dillon tasdiqlagan. 

Biroq mazkur tuzilma "bir tomonlama tartibda, AQSh va koalitsiya ruxsatisiz yoki harakatlarni muvofiqlashtirmasdan belgilangan hududlardan tashqaridagi hamda IShIDga qarshi kurashishga qaratilmagan harakatlarda ishtirok etdi", - degan polkovnik. Shu munosabat bilan, "koalitsiya ularning amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlamaydi".

Dillon, shuningdek, Pentagon bu kabi qarorni birinchi bor qabul qilayotganini ham tan olgan. 

Top