O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 27 iyul kuni Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi. Institutni qayta tiklash haqida davlat rahbari Toshkent viloyati bo‘ylab uyushtirgan safari davomida gapirgandi.
Qarorda qayd etilishicha, bugungi kunda Toshkent viloyati xalq ta'limi tizimida jami 1348 ta ta'lim muassasalari, jumladan 406 ta maktabgacha ta'lim muassasalari, 871 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablari, 2 ta Mehribonlik uylari, 31 ta bolalar musiqa va san'at maktablari, 19 ta «Barkamol avlod» markazlari, 19 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablari faoliyat ko‘rsatmokda. Qabul qilingan davlat dasturlari doirasida mazkur ta'lim muassasalarining samaradorligini oshirish, ularni moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta'lim dasturlarini tatbiq etish, yoshlarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish borasida ta'lim muassasalarini malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash yo‘nalishlarida qator dolzarb masalalar mavjud.
«Toshkent viloyati maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta'lim muassasalarining tarbiyachilar, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, ayniqsa aniq fanlar va chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylaridagi ta'lim muassasalarini yukori malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash hamda xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma'lumotli pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish va ta'lim sifatini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklarining takliflariga muvofiq Xalq ta'limi vazirligi tarkibida Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti tashkil etilsin», deyilgan qarorda.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta'lim muassasalari uchun yuqori malakali o‘qituvchilarni talab darajasida sifatli tayyorlashni ta'minlash;
pedagogik ta'lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etishga, ilg‘or xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;















