16:54 / 29.07.2017
7980

AIBA prezidentiga ishonchsizlik bildirildi

Xalqaro havaskor boks federatsiyasi – AIBA tashkilotining Shveytsariyaning Lozanna shahridagi bosh qarorgohi hafta oxirigacha yopib qo‘yilgan. Tashkilotning xavfsizlik xizmati binoga kirishni to‘sib qo‘ygan, deb xabar qilmoqda Sport-Ekspress nashri.

Eshikka tashkilot rahbari Ching-Kuo Vuga ishonchsizlik votumi e'lon qilingani haqidagi xabar yopishtirilgan. Unga AIBA’ning navbatdan tashqari kongressida iste'foga chiqish taklif etilgan, ammo u buni rad etgan.

Bunday keskin qaror qabul qilinishiga AIBA moliyaviy boshqaruvidagi muammolar ro‘kach qilinmoqda. Bundan tashqari, aksildoping choralar yetarli emasligi, Rio Olimpidasida ko‘tarilgan hakamlik muammolari bilan bog‘liq masalalar sabab bo‘lgan. 

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini ma'lum qildi. HOQ AIBA muammolari hal etilgach, boshqa to‘lovlar amalga oshirilishini bildirmoqda. 

AIBA rahbariyati, shuningdek, tashkilot faoliyatini boshqarish uchun muvaqqat qo‘mita tashkil etdi. Shveytsariya hukumati bosh qarorgoh binosi kimga tegishli ekanini aniqlamoqda.

AIBA ijroiya qo‘mitasi Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan kengashida tashkilotning 70 yoshli hozirgi prezidenti Ching-Kuo Vuga ishonchsizlik bildirgan edi.

Mavzuga oid
Top