15:30 / 30.07.2017
11428

Andijonda odam savdosi muammosiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

29iyul kuni Andijon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Andijon viloyati hokimligi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasi hamkorligida “Odam savdosi - davr muammosi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.   

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman), viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va prokuraturasi, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Andijon viloyati hududiy idoralararo komissiyasi a'zolari, siyosiy partiyalar, viloyat Yoshlar ittifoqi kengashi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, NNT, OAV va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi - 30 iyul – Birlashgan Millatlar tashkiloti tomonidan “Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashish kuni” deb belgilangani munosabati bilan mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatini aholiga, shu jumladan, yoshlarga, xotin-qizlarga yetkazish orqali ularni odam savdosi jinoyatining jabrlanuvchilariga aylanib qolishini oldini olish.

Odam savdosi dunyo xalqlarini tashvishga solayotgan jiddiy muammolardan biri bo‘lib, u hudud va chegara tanlamaydi. Shu bois ushbu jinoyatga qarshi samarali kurash olib borish, bunda ham mamlakat ichida birlashish, ham davlatlararo hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Bu borada mamlakatimizda yetarlicha normativ-huquqiy baza shakllantirilgan. Qolaversa, O‘zbekiston inson huquqlariga oid 60dan ortiq xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan va BMT tomonidan mazkur sohada qabul qilingan 6ta asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisiga aylangan. Shuningdek, xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosiga qarshi kurashishga qaratilgan 30ga yaqin shartnoma va kelishuvlar imzolangan.

Tadbir davomida, odam savdosiga qarshi kurashish, bu borada inson huquq va erkinliklarini ta'minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida qayd etildi. 

Xususan, 2008 yil 17 aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunda odam savdosiga qarshi kurashish tizimini tashkil etish tartibi, vakolatli organlar va ularning vazifalari, shuningdek, odam savdosi jinoyati jabrlanuvchilarining himoyasi va ijtimoiy-huquqiy reabilitatsiyasi masalalariga oid normalar mustahkamlangan. Mazkur qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarga sodiqligini va o‘zining xalqaro majburiyatlarini to‘liq bajarayotganini tasdiqlovchi yana bir dalil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirishning ta'sirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy – huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yil 14 martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2833-sonli Qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, odam savdosi bilan bog‘liq va boshqa turdagi jinoyatchilikning profilaktikasini amalga oshirish davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari, shuningdek xo‘jalik boshqaruvi organlarining ustuvor vazifasi ekanligi qayd etildi.

Seminar davomida odam savdosi muammosining dolzarbligi, davlatimiz tomonidan ushbu jinoyatga qarshi kurashish maqsadida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma'lumot berildi. Transmilliy ko‘rinishga ega bo‘lgan odam savdosiga qarshi kurashish uchun barcha davlat va nodavlat tashkilotlari hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning hamkorligini yanada mustahkamlash zarurligi ta'kidlandi.

Shuningdek, «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunda alohida belgilangan odam savdosidan jabrlangan yoshlarga yordam ko‘rsatish, voyaga yetmaganlarning qarovsizligi va nazoratsiz qolishiga hamda ular o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘ladigan holatlarni aniqlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir davomida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik masalalari, odam savdosi jinoyatlarini aniqlash va fosh etishda tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘rni, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos jihatlari, odam savdosi jinoyatining asosiy unsurlari, shu jumladan, voyaga yetmagan jabrlanuvchilarning psixologik va huquqiy holatini aniqlash usullari, jabrlanuvchilarga ko‘maklashish kabi masalalar yuzasidan qizg‘in bahs-munozara bo‘ldi.

Tadbir yakuniga ko‘ra,odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning javobgarlik masalasini hal etishning qo‘shimcha choralarini ko‘rish hamda odam savdosidan jabrlangan fuqarolarga ijtimoiy-iqtisodiy yordam berish choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiqligi, mazkur yo‘nalishda, eng avvalo hamkorlikdagi faoliyatni yanada kengaytirish, asosiysi odam savdosiga imkon yaratayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etishga doir ishlarning samaradorligini oshirib, odam savdosi asoratlaridan jamiyatga yetkazilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni keskin kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Top