20:30 / 30.07.2017
12905

Bishkekda O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

29 iyul kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston delegatsiyalarining davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalari bo‘yicha to‘qqiz kun davom etgan navbatdagi muzokaralari yakuniga yetdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston–Qirg‘iziston chegara chizig‘ining pozitsiyalar mos kelgan alohida uchastkalarini bayon qilish borasidagi birgalikdagi ishlar davom ettirildi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra bayonot imzolandi.

Uchrashuvlar an'anaviy do‘stlik va hamjihatlik ruhida o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning qirg‘izistonlik hamkasbi Almazbek Atambayevning Ostona shahrida ShHT Sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegarasini huquqiy rasmiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning muhim ahamiyat kasb etishidan kelib chiqib, Qirg‘iziston bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara masalalari bo‘yicha delegatsiyalari rahbarlari Ilhom Ne'matov va Qurbonboy Iskandarovning davlatlararo chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarning borishi to‘g‘risidagi axborotini tingladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Ilhom Ne'matov Bishkek shahrida mazkur masala yuzasidan Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Jyenish Razaqov bilan ham uchrashdi.

Mavzuga oid
Top