2016 yilning 23 sentabrida “Kun.uz” internet nashrida chop etilgan “36 savolga 36 javob yoxud sifat muhimmi yoki natija?” maqolasini bugun o‘qidim. Ushbu maqola yozilishiga sabab bo‘lgan kuyukish, fidokorlikni qadrlayman. Lekin kech bo‘lsada, lo‘nda qilib shuni aytamanki, natija muhim...

OTMga kirishdagi test savollarining murakkabligi, ba'zida esa hattoki, tanlangan yo‘nalish uchun mutlaq ahamiyatsiz ekani nuqtai nazaridan ham, natija muhim...

Quyiroqda sifat haqida ham aytib o‘taman, hozir esa natija haqida:

Eng sodda misol, sportning har bir turida natija muhim... Chagayev Valuyevni natija tufayli yutgan - hamma uni qadrladi... Futbolimizda ba'zi o‘yinlarda sifat ko‘ringan edi (Babayandan oldinroq), lekin oqibat natijasizlikka yetaklagach, hozir terma jamoadagilar: bosh murabbiy Babayandan tortib, shtab a'zolariyu futbolchilar yovdek ko‘rinadi biz uchun, ularga ishonmasligini hech kim yashirmaydi.

Endi testga qaytamiz:

Oddiy misol, Informatika faniga oid Informatika axborot texnologiyalari va Informatika o‘qitish metodikasi yo‘nalishlarida informatikadan savol yo‘q. Fizika, matematika, ona tili va adabiyot - uchta blokda joylashadi. Buxgalteriya yo‘nalishida esa buxgalteriya haqida mantiqiy savol ham yo‘q. Hammasidan o‘tib tushadigani shuki, testlarni o‘quvchi tugul o‘sha repetitorlar, OTMdagi, kollej-litseylardagi domlalar yechishga qiynaladi. Ayrim misollar soatlab vaqt oladi. Bunaqa misoldan 36 savol ichida kamida 7-10 tagacha topiladi. Vaqt esa - 12-20da tugaydi. Bu matematika savollari xolos. Ona tili va adabiyotdagi murakkablik asabni egovlashdan boshqa narsa emas. Qaysi “olimlar” o‘ylab topgan bu fanning keyingi evolyutsiyasini!? Fan sivilizatsiyaga erishib, shunchalar mukammalashib, maydalashib ketdiki, uni o‘rganish uchun o‘sha olimlar kallasiga kelgan fikr 19 yoshli bolaga ham kelishi kerak ekan. (Maktab dasturida esa 8-9-sinf o‘quvchilari o‘rganishga mubtalo etilgan o‘sha murakkablikni) Ha, mayli, shu testlarni oxirida yechaman desangiz, ulgurmaysiz. Kamida, 21 ball (matematikaning o‘zida) yutqazasiz... Tavakkal qilish esa, hamma narsani mavhumlikka tortib ketaveradi. Mandat deganlari chiqqanda o‘qishga kirolmagan odam, qaysini to‘g‘ri yechdim, qaysi noto‘g‘ri, deb o‘ylanib qolaveradi. (Apellyatsiya, deysizmi? E, qo‘ysangizchi, ko‘rmadim, eshitmadim biror kim appelyatsiyadan xursand chiqqanini...)

Nima demoqchiman: o‘quvchi yoshlar bilimi sifatsiz ko‘rinishiga ularga o‘rgatilayotgan fanning ikir-chikirlari, mavzularning murakkabligi sababchi, testlar esa haddan ziyod murakkab, haqiqiy vunderkindlar uchun mo‘ljallangan.