O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xalq ta'limi vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan Alisher Sa'dullayev Navoiy viloyatida oddiy xalq hayoti bilan tanishmoqda.
Lavozimga saylangan kunlarda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini o‘chirib yuborgani uchun tanqidga uchragan yosh vazir o‘rinbosari ayni vaqtda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan sahifasi orqali faoliyatini batafsil yoritmoqda. U ayni kunlarda Navoiy viloyati tumanlarida bo‘lib turibdi.
«Tomdilik otaxon mening safarimni tub ma'noda o‘zgartirib yubordi. Kecha ust-boshimni almashtirib, oddiy xalq bilan muloqot qilishga otlandim. Kunimni aynan shu ish bilan boshlashga ahd qilgandim!», — deb yozgan Sa'dullayev.
U Navoiy viloyati Tomdi tumaniga borganida yolg‘iz, yordamga muhtoj , 70 yoshga kirgan farzandsiz otaxonni uchratgani haqida yozadi. U atrofdagilari o‘zini chalg‘itib, otaxondan e'tiborini tortishga harakat qilishganini, ammo ularning bu harakatlari ish bermaganini yozadi.
«Aslida bu otaxonni maktablarni aylanib yurgan vaqtimda derazadan ko‘rib qoldim. Buni payqagan shu yerliklar meni chalg‘itmoqchi bo‘lishdimi, tezda meni gapga solishdi, ammo ularning barchasidan o‘sha yerda qolib meni kutishlarini so‘radim. Yaqinlashib hol-ahvol so‘radim, otaxon bir necha yildan beri bo‘ksasi singanligi tufayli arang o‘zi mustaqil oyoqqa tura oladi. Buni ko‘rib chidab tura olmadim va tuman hokimi muovinini chaqirishlarini so‘radim. Ajablanarlisi, ular bu otaxon haqida bilmas emishlar!!! Shunday bo‘lsada, bu otaxonga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi takidlab o‘tildi! Otaxonning hamma ma'lumotlarini oldim va hokim muovini bilan kelishib oldik! Aslida barchamiz shunday joylarga borib, shu kabi mazlumlarimizning holidan xabar olishimiz shart!», degan vazir o‘rinbosari.

Alisher Sa'dullayev boshqa bir kuni ota-onalarning yozgi ta'tilda bolalari bilan qanday ishlashi yoki ularni nima bilan band qilishlarini o‘rganish uchun yana bir oilaga borganini yozadi.
«Mo‘'jazgina, kamtarin bir xonalik «uyda» uch farzandli oila istiqomat qilayotganini ko‘rdik. Ular bu uyda vaqtinchalik yangi uy qurayotgani tufayli turishganini aytishdi. Men esa tabiiyki ishonmadim, bizning xalq juda ham andishali va sabrli xalq. Har narsani ham yuz betlab aytaverishmaydi! Shundan so‘ng, bolalar bilan suhbat qurdim. Oilaning katta farzandi (Aygerim ismli 11 yoshli qizcha) juda zehnli va zukko chiqib qoldi. Bor muammolarini birma-bir tap tortmay aytib berdi! Albatta Xalq ta'limi ham ota-onalarning farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanishini juda xohlaydi, chunki namunali odob, xulq va fitratga, ota-ona tarbiyasi poydevor bo‘ladi! Afsuski, ko‘pchiligimiz ro‘zg‘or va boshqa tashvishlar bilan bo‘lib, eng muhim jihatni (farzand tarbiyasini) yoddan chiqaramiz! Shu masalada bu oilaga ham qo‘limizdan kelgancha yordam beraylik deb, yana tuman mutasaddilariga yuzlandik! Ularning aytishicha, tez kunda bu muammoni hal qilsa bo‘ladi! Hal qilamiz ham! Axir shu xalqimizku bizni eng og‘ir kunimizda ham qo‘llab-quvvatlaydigan, sabr qiladigan. Eng muhimi bizning xalqimiz hamisha umid bilan yashaydi! Nima bo‘lganda ham, yaxshilikka yo‘yishadi va kelajakka ishonib yashashadi! Balkim g‘alati tuyular mening bu ohangda yozishim yoki ko‘rgan-kechirganlarimni yoritib borishim, ammo bu odamlar shu kabi insonlarning bor-yo‘g‘i ikki yoki uch nafaridir! Biz birlashsak, bundanda ko‘proq odamlarga yordam bera olamiz!



















