11:04 / 03.08.2017
4623

Alibaba avtomobillar sotuvchi vending avtomatni ishga tushirmoqchi

Foto: AFP

Xitoyning eng yirik internet-kompaniyasi Alibaba Group yil oxirigacha Xitoy hududidagi avtomobillar sotuvchi ilk vending avtomatni ishga tushirmoqchi, deb aytilgan kompaniya bayonotida.

Ushbu loyihaga Alibaba sho‘'ba kompaniyasi Tmall.com internet-maydonchasi tashabbus bildirddi. Kompaniya bosh menejyeri Yuy Veyning aytishicha, mijozlar o‘z smartfonlarida ulkan garajda joylashgan mashinalardan birini tanlab, buyurtma uchun to‘lovni amalga oshira oladilar. Shundan so‘ng avtomobil bir necha daqiqa ichida eng pastki qavatga tushiriladi va xaridor uni olib keta oladi. 

“Bu avtomobillar xaridini gazli ichimlik sotib olishdek oson jarayonga aylantiradi”, deb aytdi Yuy Vey.

Vending qurilmadagi avtomobillarni Sesame Credit (foydalanuvchilarga ularning iste'molchilik xatti-harakatidan kelib chiqib ballar qo‘shib boradigan Alibaba reyting tizimi) reytingiga ega mijozlar xarid qila oladilar. 750 balldan ko‘proq ballga ega istalgan foydalanuvchi o‘ziga yoqqan avtomobilni onlayn tartibda tanlashi, mashina narxidan 10 foiz miqdorda dastlabki to‘lovni kiritishi, so‘ngra mashinani olib ketishi mumkin. Keyinroq mijoz Alipay tizimi orqali mahsulotning to‘liq narxi to‘languncha har oylik to‘lovni amalga oshirib borishi lozim.

Shunga o‘xshash 15 qavatli avtomat may oyida Singapurda ishga tushirilgan. U o‘z ichiga 60 ta avtomobilni sig‘dira oladi. Bu texnologiya AQShning Neshvill shahrida bundan ham avvalroq paydo bo‘lgandi.

Alibaba oxirgi vaqtda qimmatbaho avtomobillarni sotish bo‘yicha turli aksiyalar o‘tkazmoqda. O‘tgan yil Maserati Tmall’dagi "flash-sale" davomida 18 soniyada 100 ta mashina sota olgan. Alfa Romeo ham o‘tgan yil martida "flash-sale"dan foydalanib, Giulia Milano mashinasidan 33 soniyada 350 dona sotgan.

Alibaba group Xitoydagi eng yirik internet-kompaniya hisoblanadi va elektron tijorat sohasida ishlaydi. Unga 1999 yilda Jyek Ma tomonidan asos solingan. Guruhga shuningdek Alibaba Pictures, Alibaba.com, AliExpress.com, Taobao.com, Tmall.com kabi
bir nechta sho‘'ba kompaniya va internet maydonchalar tegishlidir.

Mavzuga oid
Top