Bir necha kun avval tahririyatimizga Bag‘dod tumani, Bo‘ston dahasi 74-xonadonning 2-uyida istiqomat qiluvchi Gulzoda Madorovadan murojaat kelib tushdi. Murojaatda u 4 qavatli xonadonning 1-qavatida istiqomat qilishi va bu xonadonlar ta'mirtalabligi, uning yerto‘lasi aholi chiqindilari bilan to‘lgani aytib o‘tilgan.
Biz Bag‘dod tumanidagi 74-xonadonga borib manzilni ko‘zdan kechirdik. Xonadonni ichkarisiga kirmasdan tashqarisiga, ya'ni bolalar maydonchasini kuzatdik. Maydonchaga aholi tomonidan noqonuniy teraklar ekilgan. Bu ham yetmaganidek, aholining kundalik chiqindilari mana shu manzilga tashlanadi. Ariqlar esa chiqindilar bilan to‘la, kundalik chiqindilar, shuningdek, anhordagi balchiqlar xidi xonadonlarni ham egallagan. Badbo‘y hiddan nafasingiz qaytib ketadi.

Biz xonadon tomon qadam tashlaganimizda qavatlardagi yo‘laklar devorlari buzilib ketgani, g‘ishtlari ko‘chib yotganiga guvoh bo‘ldik. Ma'lumotlarga qaraganda bu yerdagi 40 ta xonadonda 125 nafardan ziyod inson istiqomat qiladi.
Birinchi yo‘lakni kuzatar ekanmiz, bu yerda elektr energiyasi tarmog‘i ochiqligi va shu xavfli muhitda bolalar o‘ynab yurganliklariga guvoh bo‘ldik.

Manzilni ko‘zdan kechirish chog‘ida shu xonadonning yerto‘lasiga tushdik. Rosti bu yerni chetroqdan turib tasvirga tushirdik va ayrim qismlarni tasvirlashni xohlamadik. Yer to‘ladagi quvurlar, aniqrog‘i, kanalizatsiyalar ishdan chiqqani katta muammoga aylanganiga ancha bo‘lgan. Boisi aholining hojatxonasidagi chiqindilar va oshxonadagi yuvindilarning kelar manzili shu yerning o‘zi... Quvur buzilganiga 10 yildan oshgan, bundan ko‘rinib turibdiki, aholining bu chiqindilari ham 10 yildan ko‘proq shu yerda turibdi. Nomiga nomunosib bu manzildan diling hufton bo‘ladi.

Yer to‘ladagi chiqindilar yana 1 yil yoki undan ham ko‘proq saqlanib tursa, yerto‘la darchalaridan shu chiqindilar sizib chiqadi yoki uy sekin-asta qulay boshlaydi. Sababi 74-xonadon nihoyatda ta'mirtalab. Bu yerda 28 yildan buyon biror marta ham ta'mirlash-tuzatish ishlari amalga oshirilmagan. Hademay, devorlari oqlanmaganiga, yo‘laklari suvoq ko‘rmaganiga, tom qismlariga saqich quyilmaganiga roppa-rosa 28 yil to‘ladi.




















