08:54 / 03.08.2017
9516

Toshkentda o‘zini Xitoy fuqarosi sifatida tanishtirgan firibgar ushlandi

2017 yilning 29 iyul kuni taxminan soat 09:00larda muqaddam sudlangan Baymurat Abramatov Chilonzor tumani hududida, fuqaro Sayyora Islamovaning (jabrlanuvchining anketa ma'lumotlari o‘zgartirilgan) ishonchiga kirib, o‘zini Xitoy xalq respublikasi fuqarosi sifatida tanishtirib, undan pul evaziga tarjimonlik xizmati ko‘rsatishni so‘ragan. Shundan so‘ng uning telefonidan qo‘ng‘iroq qilib olish bahonasida, aldov yo‘li bilan S.Islamovaga tegishli bo‘lgan «iPhone-4» rusumli uyali telefonini qo‘lga kiritgan. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan, Chilonzor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik, ya'ni o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Yuqoridagi shaxsning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat etishlari mumkin.

Top