Shu yilning iyul oyi oxirlarida ikkita bayonot bilan chiqish qilindi va ularning har ikkisi muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Shuhrat Ismoilov hukumatning iqtisodiy blokida ayni damda erkin konvertatsiya joriy etish va valyuta kurslarini birlashtirish masalasi jiddiy muhokama qilinayotganini aytib o‘tdi. Bu ishlarning barchasi «biz (ya'ni, hukumatning iqtisodiy bloki — B.E.) barcha jabhalarni valyutaning erkin kursi o‘rnatilishiga tayyorlashishimiz kerak»ligiga yo‘naltirilganligi aytildi.

O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayevning qayd etishicha, «Milliy valyutani qo‘llab-quvvatlash uchun xorijiy kreditlar, XVJ kreditlarini jalb etish nazarda tutilmayapti. Liberallashtirishni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun bizning valyuta zaxiralarimiz yetarli».

Bu yerdagi kalit so‘z — bosqichma-bosqich. O‘ylab, mushohada qilib. XVJdagi liberal-monetaristlarning retseptlariga ko‘ra, boshqa davlatlarda o‘tkazilgan islohotlar uchun xos bo‘lgan, shokka tushiruvchi tajribalarsiz.

Valyutani erkinlashtirish masalasi, bu mavzuda mamlakatimizda yuz berayotgan munozaralarda ko‘pincha bir jihat e'tibordan qochirilmoqda.

Erkinlashtirish kim uchun? Kim yutadiyu, kim yutqazadi? Qaysi qatlamlar va guruhlar?

Shaxsan men uchun 1991 yildan keyin o‘tkazilgan iqtisodiy islohotlarning asosiy natijalari — ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 22 foiz kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari. Bu islohotlarning eng muhim va asosiy natijasidir.

Ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, o‘n minglab insonlardan iborat butun bir qatlam shakllantirildi. Aynan o‘shalar mamlakat iqtisodiyotining asosi va qoyasi hisoblanadi. Ana shunday korxonalar foizining o‘sishi esa islohotlarning muvaffaqiyatliligi yoki muvaffaqiyatsizligini baholash mumkin bo‘lgan bosh mezon sanaladi.

Ishchi o‘rinlar yaratadigan ana shundaylarning manfaatlarini himoya qilish — hukumat iqtisodiy siyosatining bosh vazifasi bo‘lmog‘i kerak. Chunki aynan shu sohada yaratiladigan ish o‘rinlari savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidan farqli o‘laroq, barqaror bo‘ladi.

Men iqtisodiyotning ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalari rivojlanmasligi kerak, degan fikrdan yiroqman. Xizmat ko‘rsatish sohasi ayni paytda ko‘plab davlatlarning iqtisodiyotida yetakchi o‘rin tutadi. Bizning iqtisodiyotimizda ham bu soha YaIMning deyarli yarmisini ishlab chiqaradi.