18:37 / 04.08.2017
9597

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ayrim nashrlarning kamchiliklari yuzasidan munosabat bildirdi

Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas'uliyat turadi. Biroq afsuski, so‘nggi yillarda respublika matbuot va ommaviy axborot vositalari monitoringi ba'zi tahririyatlarda bu mas'uliyat tobora susayib ketayotgani, ular faoliyatida qator kamchilik va qonunbuzilish holatlarining sodir etilishi muntazamlik kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.

Qonunbuzilishlar yuzasidan tahririyatlar va muassislarga nisbatan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan qo‘llanilayotgan ta'sir choralaridan tegishli xulosa chiqarmaslik, ularga yaratib berilayotgan imkoniyat va erkinlikni suiste'mol qilish oqibatida ko‘plab taqdimnoma va ko‘rsatmalar qog‘ozda qolib ketishi, natijada tahririyatlar faoliyatidagi xato va kamchiliklar takror-takror sodir etilishi aniqlanmoqda.

Mazkur holatga jamoatchilik e'tiborini qaratish, bir tahririyatda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlikning boshqa tahririyatda sodir etilishini to‘xtatish va kelgusida ularning oldini olish maqsadida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatida aniqlangan salbiy holatlar haqida o‘z saytida maqolalar e'lon qilib, ularni keltirib chiqargan omillarni jiddiy tanqidiy tahlil etib, bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar, amaliy yo‘riq va ko‘rsatmalar berib borishga qaror qildi. Bu haqda Kun.uz’ga agentlik tomonidan ma'lum qilingan. Quyida ayrim nashrlar haqida agentlikning tanqidiy va tahliliy munosabati o‘z ifodasini topgan.

2017 yilning o‘tgan yetti oyi davomida Agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalariga 100 dan ortiq, nashriyot va matbaa korxonalariga 70 ga yaqin ta'sir choralari qo‘llanilgan. Biroq, ayrim turdagi qonunbuzilish holatlari borki, ta'kidlanganidek, ularga jamoatchilik e'tibori o‘z vaqtida qaratilmasa, “kasallik” boshqa nashrlarga ham yuqishi, “tadbirkorman-ku, jurnalist emasman, faoliyatimda kamchiliklarga yo‘l qo‘ysam ham bo‘laveradi” qabilida ish tutish holatlariga faqat qog‘oz orqali chora qo‘llash, ertangi kun yoshlarining, qolaversa, jamiyatning og‘rig‘iga aylanishi mumkin.

Teleradio dasturlari, matbuot sahifalarida asosan G‘arb san'atkorlarining qo‘shtirnoq ichidagi ishqiy hayotini muntazam yoritayotgan, ularda oilaviy qo‘nimsizlik, juftlarning bir-biriga xiyonati, nikohsiz turmush singari illatlarni oddiy hol sifatida tasvirlayotgan axborot vositalari afsuski yo‘q emas. Odamlarni shu kabi “sahnalar” bilan o‘ziga jalb qilishga o‘rganib qolgan tadbirkorlarga Agentlik tomonidan bir necha marotaba ogohlantirish kiritilsa-da, ular o‘z faoliyatiga tanqidiy yondashib, xulosa chiqarish, tahririyatlar ishiga ma'naviy yetuk, ziyoli, har jihatdan ibratli, hayotiy va kasbiy tajribaga ega ijodkorlardan iborat mutaxassilarni jalb qilish va shu orqali ma'naviyatni targ‘ib qilishni yo‘lga qo‘yish o‘rniga salbiy holatlarni targ‘ib etishda davom etib kelmoqda. Bugungi achchiq bo‘lsa-da, o‘rnak vazifasini o‘tashiga umid qilib qo‘l urgan mavzuimizda ana shular haqida so‘z yuritamiz.

O‘zining ko‘p sonli o‘quvchilariga ega bo‘lgan “Kelinchak”, “Humo” jurnallari, “Otdoxnem!” gazetasida xorij san'atkorlari hayotiga doir yangiliklar muntazam berib borilgan va ularda urg‘u ko‘pxotinlik, ko‘perlik, fuqarolik nikohi kabi salbiy illatlarga qaratilgan. Jumladan, “Humo” jurnalida o‘quvchida an'anaviy oilaga xos turmush-tarziga nisbatan hurmatsizlik, befarqlik uyg‘otishi mumkin bo‘lgan “Jizel Bundxen jdet tretego rebenka?”, “Besprosvetnyy tuman i ozareniye”, “Irina Ponarovskaya – ledi Sovershenstvo”, “Koroleva Gollivuda. Dva litsa Elizabet Teylor” kabi materiallar chop etilgan.

“Otdoxnem!” gazetasida “Nadya Ruchka: “Chem silneye chelovek, tem silneye yego slabosti” sarlavhali materialda qo‘shiqchi Nadejda Ruchkaning nikohsiz ishqiy munosabatlari yoritilgan: Da ya nikogda ne stremilas k braku. Mne dajye kazalos, chto eto tyurma, gde tebya posadyat na tsep i zastavyat varit borshch, hamda “Ben Efflek: Ya vsegda byl legkoy dobychey dlya ostryakov” sarlavhali materialda aktyor Ben Efflek oilali bo‘la turib ishqiy aloqada bo‘lgani “Kogda Djyennifer Garner podala na razvod, nikto ne somnevalsya, chto nazad puti net  - ved Ben Efflek zakrutil intrijku s nyaney sobstvennyx detey, da yeshche chut li ne v ix prisutstvii...” deya, ochiq namoyon qilinadi.

“Siyenna Miller: Tyajyelo byt odinokoy mamoy, no ya schastliva”, “Emma Stoun: V nagradu ya poluchila unikalnuyu stoykost i zapas jiznennyx sil”, “Milla Yovovich: Dom i materinstvo – moi glavnyye radosti teper” sarlavhali materiallarda g‘arblik mashhur san'at namoyandalarining shaxsiy hayotiga doir, yoshlarni yo‘ldan ozdiradigan jihatlar badiiy bo‘yoqdorlik bilan yoritilgan. “Neudachnoye svidaniye” materialida esa pul uchun tanani sotishdek tubanlik ijobiy fazilat deya bayon etiladi.

Bu kabi materiallar jamiyatimiz an'analarini yemirishi, oila atalmish muqaddas qadriyatga putur yetkazishi, barqaror ma'naviy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatishi, bir so‘z bilan aytganda, “ommaviy madaniyat” niqobidagi qora kuchlarning tegirmoniga suv quyayotganini nahot tahririyatdagi mas'ul xodimlar, muharrirlar tushunib yetmasa?!

Qolaversa, nashrda e'lon qilinayotgan boshqotirmalarda ham muntazam ravishda alkogol va tamaki mahsulotlaridan savol sifatida foydalanish holatlari kuzatilgan. Jumladan, skanvordlarda “Razbavitel spirta”, “Pivo po domashnemu”, “Mernaya doza spirtnogo na dorojku”, “Maxorka”, “Palmovaya vodka”, “Sort vyderjannogo krepkogo alkogolya ”, “Tabak po-prostomu”, “Vodka v Akapulko”, “Krasnoye vino” kabi savollar berilgan.

“Kelinchak” jurnalida “Yigit iztirobi” sarlavhali qissa e'lon qilingan bo‘lib, unda talaba yigit va qizning o‘zaro nikohsiz hayot kechirishi, behayo sahnalar, ommaviy madaniyat va yevropacha turmush tarzini targ‘ib qiluvchi lavhalar mavjud. Qissadagi milliy qadriyat va urf-odatlarimizning qahramon tilidan qoloqlik, eskilik sarqiti sifatida tasvirlanishi o‘quvchida yevropacha dunyoqarash va turmush tarziga havas, aksincha, milliy qadriyatlarimizga nisbatan bepisandlik, loqaydlikni shakllantirishi mumkinligini e'tiborga olish lozim.

Shuningdek, jurnalda “Biz bilgan va bilmagan Pushkin” sarlavhali material chop etilgan. Unda rus shoiri A.S.Pushkin va uning ayollarga nisbatan munosabati tasvirlanib, ayrim buzuqlik, xotinbozlik, nikohsiz turmush va xiyonatni targ‘ib qiluvchi sahnalar tahrirsiz e'lon qilingan. Jumladan: “...Shoirning aksariyat sarguzashtlari o‘tkinchi edi. Ammo o‘rtaga muhabbat aralashsa bormi, shoir uchun ma'shuqasiga jisman erishishi shart bo‘lar edi... Pushkin kutilmaganda jo‘sh uradigan hissiyotlarini tabiati yengil ayollar bilan qondirishga ham o‘rgangandi...

...Bu beva xonim Pushkinni o‘qishdan haydalishidan asrab qolgan direktorga qarindosh bo‘lardi. Ular deyarli har kecha yashirincha birga bo‘lishar va bu lazzat onlari o‘spiringagina emas, tul xotinga ham yoqib tushardiki, u buning har kecha takrorlanishini istardi”.

Jurnalning qiz-juvonlar auditoriyasiga mo‘ljallangani, yosh kelinlar uchun turli foydali tavsiya va maslahatlar, oilani mustahkamlash, nikoh, er-xotin sadoqatining muqaddasligi, milliy, umuminsoniy ezgu qadriyatlarni targ‘ib qilish o‘rniga tiyiqsiz ishqiy hayot, jazmanbozlik, to‘shak sahnalari bilan bog‘liq yengil-yelpi turmush tarzining izchil chop etilishi yoshlar odob-axloqi, ijtimoiy dunyoqarashiga salbiy ta'sir qilishi, shubhasiz.

Qonunbuzarlik holatlariga ana shunday bepisandlik bilan qarayotgan nashrlardan yana biri “Oltin asr” jurnalidir. Nashrning ta'sis hujjatlarida ixtisoslashuvi ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, iqtisodiy, huquqiy ekani ko‘rsatilgan. Biroq, jurnalda berilgan ko‘plab materiallarda “Oltin asr” huquqiy jurnali tarzida ma'lumotlar keltirilgan. Jurnalga huquqiy deya zo‘r berishga urinishdan maqsad nima?

Ushbu “huquqiy” jurnal mualliflik huquqi me'yorlariga rioya qilmaslik, til qoidalarini qo‘pol ravishda buzish bo‘yicha “rekordchi” nashrlardan biridir. Xususan, nashrning 1-sonida o‘ndan ortiq material O‘zbekiston milliy axborot agentligidan ko‘chirilganu asl manbasi ko‘rsatilmagan. O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident qaror, farmonlari nomi va normalarini buzib ko‘rsatish holatlari bo‘yicha ham “yetakchi” bo‘lgan bu nashr sahifalarida sanoqsiz imloviy va uslubiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, jurnalda sondan-songa maqolalar sarlavhasi takrorlangan. Jurnal respublika miqyosidagi nashr hisoblanadi. Ammo unda chop etilayotgan bir qator maqolalarda material qaysi tuman yoki viloyatga mansubligi qayd etilmagan, mahalla yoki maktab nomi ko‘rsatilgan xolos.

Jurnaldagi aksar maqolalarda me'yoridan ziyod xushomad, madhu maqtovlar bayon etilgan, minnatdorliklar bildirilgan. Har bir sonida qariyb 10 dan ziyod maqolada qahramonlar nomidan “hojilik martabasiga ega bo‘ldim” deya o‘zini o‘zi maqtashga e'tibor qaratilgan.

Bunday holatlarni respublika teleradiokanallari faoliyatida ham kuzatish mumkin. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi “Denov-ATR”, Buxoro viloyatidagi “G‘ijduvon-TV”, Jizzax viloyatidagi “Jizzax TV2” telekanallari, Andijon viloyatidagi “Diydor FM” radiokanali, “Taraqqiyot” telekanali faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni 5-moddasi doimiy qo‘pol ravishda buzib kelinayotgani mazkur ommaviy axborot vositalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, degan xulosani o‘yg‘otadi.

Nomlari keltirilgan tele va radiokanallar faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunining so‘nggi yillar davomida qayta-qayta qo‘pol ravishda buzib kelinishi, Agentlik tomonidan yuborilayotgan ogohlantirishlar, taqdimnomalar kor qilmasligi, yoshlarga raqsbop tarona-yu, ko‘ngilochar filmlarni qo‘yib eshittirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish niqobi ostida madaniyatsizlikni targ‘ib qilish, shahvoniy tuyg‘ularga erk berish kabi holatlarga tomoshabin bo‘lib qarab turib bo‘lmaydi, albatta.

Afsuski, bunday holat nafaqat ommaviy axborot vositalari faoliyatida, balki nashriyotlar faoliyatida ham kuzatilayotgani achinarlidir.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar muassislariga belgilangan tartibda choralar qo‘llanildi. Biroq, bemaza qovunning urug‘i ko‘p bo‘ladi, deganidek birini eplasang, ikkinchisi ish ko‘rsatib turadi. Shuning uchun biz o‘z iste'molchisi – obunachisiga pulini olib sifatsiz “mahsulot” berayotgan bunday gazeta-jurnallar, nashriyotlarning asl basharasini ochib tashlab, xalq hukmiga havola qilib boraveramiz.

Zero, kuni kecha respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvidagi ma'ruzasida ham, bugungi kunda yengil-yelpi kitoblar, sayoz, oldi-qochdi gazeta-jurnallar, tele-radio stansiyalar ko‘payib borayotgani keskin tanqid qilindi. Bundan har birimiz teshishli va zarur xulosalarni chiqarib olishimiz shart. Bugungi kunda yurtimiz, xalqimiz oldida ommaviy axborot vositalarining sha'ni va qadrini, jurnalist, ziyoli degan sharafli nomni oqlash, unga munosib bo‘lish har bir ijodkorning yuksak mas'uliyati va vijdon ishi bo‘lmog‘i lozim.

Top