23:23 / 05.08.2017
16974

Surxondaryolik jismoniy imkoniyati cheklangan oilalarga yangi loyihali uylar topshirildi

Foto: fb.com @turdimov

Surxondaryo viloyatida jismoniy imkoniyati cheklangan, uy-joyga ehtiyojmand fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi – yangi uy-joylar tantanali topshirildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov “Feysbuk”dagi o‘z sahifasida ma'lum qilmoqda. 

Ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligining 26 yillik bayrami arafasida viloyatda uy-joyga ehtiyojmand, jismoniy imkoniyati cheklangan 32 nafar fuqaroga imtiyozli kredit asosida uy-joyli bo‘lish uchun boshlang‘ich badal to‘lovi Prezident sovg‘asi sifatida amalga oshirilib, yangilangan loyihalar asosidagi uylarning kaliti tantanali ravishda topshirilgan. 

“Sherobod tumanidagi “Uzunsoy” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Olmaxon Abdulaliyeva I-guruh nogironi. Eski kasalxona binosining ikki xonasida to‘rt jon vaqtincha istiqomat qilayotgan edi. Ular “Taroqli” massividagi 2 sotixdan iborat uch xonali zamonaviy usulda jihozlangan uyga ko‘zida quvonch yoshlari bilan ko‘chib o‘tdi”, deyiladi xabarda.

Termiz, Angor, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Oltinsoy, Denov, Sariosiyo, Uzun va Boysun tumanlari hamda Termiz shahrida ham uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan bir guruh fuqarolar boshlang‘ich badal to‘lovi Prezident sovg‘asi sifatida berilgan yangi uylarga ega bo‘lishgan.

Tadbirlar doirasida uy-joy sovg‘a qilingan fuqarolar va bir guruh kam ta'minlangan oilalarga zamonaviy tikuv mashinkalari, 316 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari ham topshirilgan.

Top