23:07 / 05.08.2017
9304

O‘zbekistonlik shoira-tarjimon Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasining faxriy a'zosiga aylandi

O‘zbekistonlik shoira-tarjimon Shaxlo Qosimova Sumgait shahrida Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasining faxriy a'zoligiga qabul qilindi. Bu haqida tadbirda qatnashgan "Kun.uz" muxbiri xabar berdi. 

Foto: fb.com Shaxlo Kasymova

Tadbirda She'riyat uyi rahbari Ibrohim Ilyosli, yosh turk yozuvchilari ittifoqi raisi Akbar Go‘shali, Ozarboyjonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar Rahmon O‘rxan va Eyruz Mamedov, shuningdek Ozarboyjon yozuvchilar uyushmasi a'zolari Aida Eyvazli va Ali Najafxonli, yozuvchi Almaz Aliyev, jurnalist Zumrud Baloganova, shoirlar Sobir Yusuf o‘g‘li, Elvin Alizoda, Ehtirom Ilhom, Sevij G‘arib, jurnalist Suliko Dagarguliya, publitsist Feruz Shivaxonov, Markaziy kutubxona direktori Yegane Ahmedova, taniqli adib Sulaymon Husaynov va madaniyat ishlari kasaba uyushmasi raisi Tamilla Axundovalar qatnashib,  vatandoshimiz Shaxlo Qosimova haqida iliq fikrlar bildirishdi hamda uni Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasining faxriy a'zolari qatoriga qo‘shilgani bilan qutlashdi.  

Yosh turk yozuvchilari ittifoqi raisi Akbar Go‘shali Ozarboyjonda o‘zbek adabiyotiga e'tibor kamroq bo‘lgani, bu boradagi aloqalarni kuchaytirish zarurligi, ikki mamlakat adiblari ishtirokida uchrashuvlar tashkil qilish, tarjimonlarga yanada e'tiborli bo‘lish hamda qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash kerakligini ta'kidladi. 

Foto: fb.com Shaxlo Kasymova

Shaxlo Qosimova Ali Karim nomli Sumgait shahri She'riyat uyining faxriy a'zosi hamdir. Shuningdek shoira-tarjimon 2016 yilda Jahon yosh turkiy yozuvchilar uyushmasi mukofotiga loyiq topilgan.

Poytaxtda tavallud topgan Shaxlo Qosimova  Toshkent davlat xalq xo‘jaligi institutining moliya-iqtisod fakultetini tamomlagan. U asosiy mutaxassisligi bilan bir qatorda ozarbayjon tilidagi she'rlar, badiiy asarlarni  o‘zbek va rus tillariga hamda aksincha, o‘zbek va rus tillaridagi asarlarni ozarboyjon tiliga  tarjima qilish bilan shug‘ullanadi. 

Ozarbayjonning Baku shahrida mashhur yozuvchi va dramaturg Firuz Mustafoning "Feruz Mustafo hikoyalari Shaxlo Qosimova tarjimasida" (“Firuz Mustafa v perevode Shaxlo Kasymovoy», 2011) nomli hikoyalar to‘plami rus tilida chop etilgan. Shuningdek o‘zbek va ozarbayjon shoir hamda yozuvchilarining asarlari o‘rin olgan "Ko‘ngil" (“Dusha”, 2016) nomli to‘plam nashrdan chiqishida ham Shaxlo Qosimovaning hissasi katta. 

Foto: fb.com Shaxlo Kasymova

Bundan tashqari, Toshkentda chop etilgan "Zamonaviy o‘zbek va ozarboyjon she'riyati xususiyatlari" (“Osobennosti sovremennoy uzbekskoy i azerbaydjanskoy poezii”, 2016) kitobida uning ozarbayjon tilidan o‘zbek tiliga o‘girilgan qator tarjimalari joy olgan. Shaxlo Qosimova o‘zbek tilida nashrdan chiqqan “Zamonaviy Ozarbayjon she'riyati antologiyasi” (2016) she'riy tarjimalar kitobining hammuallifi hamdir. 

Foto: fb.com Shaxlo Kasymova

Sh.Qosimova ozarboyjon adibi Sulaymon Husainovning “Ont” romanini rus tiliga tarjima qilgan (“Klyatva”, Sumgait shahri, 2017). Shu bilan birga 2017 yilda Firuz Mustafoning “She'riy assotsiatsiyalar” (“Poetik səsləşmələr”) kitobidan shoirning Shaxlo Qosimova tomonidan o‘zbek va rus tillariga o‘girilgan ko‘plab she'riy tarjimalari o‘rin logan. 

Shunisi diqqatga sazovorki, Shaxlo Qosimova 2016 yilda Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati, o‘zbek-ozarbayjon do‘stligini targ‘ib etgan eng faol tarjimon sifatida mukofotlangan.


Lola Rahmonboyeva

Top