18:10 / 06.08.2017
25596

Foto: Haj-2017 ishchi guruhi ziyoratchilar uchun sharoitlar hozirlandi

Har yili minglab o‘zbekistonliklar Haj va Umra ziyoratlarini ado etib kelmoqda. Ziyoratchilar xotirjam va bemalol ibodat qilishlari uchun yildan-yilga shart-sharoitlar yaxshilab borilmoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ayni kunlarda ishchi guruh xodimlari Makka va Madina shaharlarida bu yilgi haj mavsumiga qizg‘in tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborishgani haqida ma'lumot berdi.

Ziyoratchilar ibodatlarini chiroyli va mukammal ado etishlari uchun mehmonxona toza va ozoda holga keltirilib, barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinmoqda.

Ziyoratchilar Makka shahrining «Aziziya» dahasidagi ko‘rkam, 23 qavatli, hashamatli «Abroj al-Hidoya» mehmonxonasida istiqomat qilishadi. Ushbu mehmonxona juda hashamatli bo‘lib, Makka shahrining uzoq-uzoq chekkalaridan ham ko‘rinib turadi.

Mehmonxonaning keng zali kishi diqqatini o‘ziga tortadi. U yerda yangi, qulay o‘rindiqlar joylashtirilgan bo‘lib, ko‘chadan charchab kelgan odam uchun salqinlanib olishga mo‘ljallangan.

Ziyoratchi o‘z xonasiga ko‘tarilmoqchi bo‘lsa, har biriga 21 nafardan odam sig‘dira oladigan bir nechta liftlar mavjud. Bu liftlar shunday dasturlangan-ki, bitta tugma bosilsa, siz turgan joyga eng yaqin lift darrov yetib kelib, istagan qavatingizga olib chiqadi.

Har bir xona 4 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, yotoqxonada hali oxori to‘kilmagan ko‘rpa-yu choyshablar to‘shab qo‘yilgan. Xonadagi televizor orqali Ka'bai muazzama yoki Masjidun Nabaviyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilib o‘tirish mumkin.

Shuningdek, har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich ham mavjud. Xonalar o‘zgacha did bilan bezatilgan. Makkadagi Haj ishlari bo‘yicha hamkorlarimiz aytganidek: «Maqsad – hojilar rohatlansin!». Albatta, ziyoratchilarimiz u yerga borib joylashgach, shart-sharoitlar shukronasini qilib, chiroyli, keng va ozoda xonalarga joylashib, ibodat halovatini totib, yurtimiz, xalqimiz haqiga duoi xayyorlar qilishlari naqadar ulkan baxt! Haj safariga otlanayotgan yurtdoshlarimizni Alloh taolo ibodat va duolarini qabul qilib, safarlarini bexatar aylasin!

7-23 avgust kunlari 7346 nafar o‘zbekistonlik Haj ziyoratini amalga oshirish uchun jo‘nab ketadi

Top