22:36 / 06.08.2017
5547

Xitoy: Shimoliy Koreya muammosini bir tomonlama sanksiyalar bilan hal qilib bo‘lmaydi

Foto: STR / AFP

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I AQSh davlat kotibi Reks Tillersonga bir tomonlama sanksiyalar Koreya yarimoroli muammosini hal qila olmasligini aytdi. 

"Xitoy adolat, xolislik va mas'uliyat tamoyili asosida Koreya yarimoroli yadroviy muammosini hal qilish uchun katta sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Cheksiz sanksiyalar kiritilishi yechim hisoblanmaydi. Biz AQSh Pekin tomondan taklif qilingan "ikki karra muzlatish" tashabbusini jiddiy ko‘rib chiqishiga umid qilamiz", deb aytgan Van I Manilada ASeAN bo‘yicha o‘tgan tadbirlar davomidagi uchrashuvda.

Xitoy avvalroq "ikki karra muzlatish"– Shimoliy Koreyaning raketa-yadroviy tajribalarini va AQSh-Janubiy Koreya harbiy mashg‘ulotlarini to‘xtatish va qurolsizlantirishga parallel borish va mintaqada tinchlik va xavfsizlikni yaratish tashabbusi bilan chiqqan.

Van I AQSh tomondan Xitoyning Shimoliy Koreyani qo‘llab-quvvatlovchi bir qator korxonalariga bir tomonlama sanksiyalar kiritilishiga qarshi chiqqan.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati Shimoliy Koreya bilan biznes olib boruvchi Xitoyning kichik banklari va boshqa tashkilotlariga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlayotgani ma'lum bo‘lgandi. Cheklovchi choralar keyingi haftalar ichida qabul qilinishi va Pxenyanning yadro va raketa dasturlari bilan bog‘liq moliyaviy institutlarga qarshi kiritilishi mumkin.

BMT Xavfsizlik kengashi 5 avgustda Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni qat'iylashtiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Bu rezolyutsiya Shimoliy Koreyadan, jumladan, temir, temir rudasi, qo‘rg‘oshin, ko‘mir va dengiz mahsulotlari importini taqiqlaydi. Shuningdek, Shimoliy Koreyaning Tashqi savdo banki hisob raqamlari muzlatiladi, Shimoliy Koreyaning BMT rezolyutsiyasini buzuvchi dengiz kemalariga barcha davlatlar portlariga kirish taqiqlanadi.

BMTga a'zo davlatlar o‘z hududlarida shimoliy koreyalik ishchilar sonini oshirmaslik, Shimoliy Koreya bilan yangi qo‘shma korxonalar yaratmaslik va mavjudlarini kengaytirmaslikka majbur bo‘ladilar. Shuningdek, Pxenyanning yadro va raketa dasturlari bilan bog‘liq shaxslarga qarshi yangi sanksiyalar kiritish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid
Top