14:56 / 07.08.2017
6136

Jizzaxda ikki bor sudlangan shaxs yana 8 yilga qamaldi

Igor Slashchev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) kollejni tamomlasa-da, o‘quv yurtida o‘rgatilgan, kelajakda o‘zi uchun kerak bo‘ladigan kasb-hunarning boshini tutmadi. Ishsiz yurib, ko‘cha-ko‘yda duch kelgan yumushlarni bajarishga odatlandi. Bu esa uning axloqiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Bu orada o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganligi uchun ikki bor sudlandi. Lekin u ko‘rsatilgan bag‘rikenglik tamoyillaridan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Aksincha, “O‘rgangan ko‘ngil, o‘rtansa qo‘ymas” deganlaridek, yana eski “ish”ini davom ettirdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Poytaxtga kelgan Igor Slashchevga shahar boshqacha ko‘rindi. Yo‘llar, ko‘chalar hamma tomonda mashina. Qarovsizdek ko‘rinayotgan bu avtomashinalar Igorning eski kasalini qo‘zg‘adi. Olmazor tumanida ko‘chada turgan “Neksiya-2” avtomashinasini egasi yo‘qligidan foydalanib olib qochdi. Ma'lum joyga yetgach, mashinaning ehtiyot g‘ildiragini olib, yashirindi. G‘ildirakni esa notanish kishiga 45 ming so‘mga sotdi.

Ishning oson kechganidan ruhlangan Igor Jizzax shahriga kelib “faoliyati”ni yanada kengaytirdi. U “Chorsu dehqon bozori” hududida turgan “Damas” avtomashinasining orqa oynasini sindirib, 700 ming so‘m naqd pul va 5 kishiga tegishli jami 1 mln. 600 ming so‘m pul mablag‘i bo‘lgan bank plastik kartalarni olib, juftakni rostladi.

Yengil daromad topish payiga tushgan Igor bu safar tungi soat ikkilarda shahardagi Ulug‘bek ko‘chasidagi xonadonlardan biriga deraza orqali kiradi. Bu yerdan u 500 ming so‘mlik “Samsung” rusumli telefon apparatini o‘g‘irlab chiqadi. “O‘lja”sidan ko‘ngli to‘lmagan Igor shu vaqtning o‘zida ko‘chadagi boshqa xonadonga kirishni rejalashtiradi. Aylanib yurib, o‘ziga “obekt” tanlaydi va uyning deraza oynasini sindirib, ichkariga kiradi. Bu yerdan 500 ming so‘m pul va boshqa buyumlarni olib yashirinadi.

Igorning bu “yurish”lari to‘xtamadi. Oradan 5 kun o‘tib, shahardagi Begariq ko‘chasida paydo bo‘ldi. Bu yerda ham xonadonga deraza orqali kirib, 900 AQSh dollari, 40 ming so‘mlik kumush uzuk, 980 ming so‘mlik erkaklar tilla uzugi, 2 mln. 500 ming so‘mlik uchta ayollar tilla uzugi, 250 ming so‘mlik bir juft ayollar tilla sirg‘asini olib, voqea joyidan yashirinadi.

Har bir ishning intihosi bo‘lgani singari Igor Slashchevning ham jinoyatlariga “nuqta” qo‘yildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining hukmi bilan Igor Slashchevga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid
Top