19:01 / 08.08.2017
9521

Alyuminiy narxlari 2,5 yildan beri maksimum ko‘rsatkichga chiqdi

8 avgust kuni alyuminiy fyucherslari 2014 yilning dekabridagi maksimum narxga qadar ko‘tarildi. Bu Xitoyda metallni noqonuniy ishlab chiqarish bilan kurash boshlangani haqidagi ma'lumotlar tarqalgach ro‘y berdi, deb xabar bermoqda «Interfaks».

Aniqlik kiritilishicha, LME’da bu shartnomalar 1,5 foizga qimmatlashib, bir tonna uchun 1993 dollarni tashkil etdi.

Bir kun avval ularning narxi 2,8 foizga oshgan.

Xitoyda jahon alyuminiysining taxminan 60 foizi ishlab chiqariladi. Ushbu davlatda hukumat tegishli ruxsatnoma va ekologik sertifikatlarni olmagan zavodlarni yopmoqda, deb xabar tarqatdi Reuters.

Masalan, Xitoyning ushbu metallni ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi China Hongqiao Group quvvati yiliga 2 mln tonnadan ortiq bo‘lgan eskirgan ishlab chiqarish maydonlarini yopishi haqida ma'lum qildi.

Agentlik tahlilchilarining taxminicha, 2017 yilda Xitoyda alyuminiy ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlar 3-4 mln tonnaga, yoki butun mahalliy bozorda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 10 foiziga qisqarishi mumkin.

Top