00:10 / 08.08.2017
10553

Britaniyalik sayyoh og‘ir sharoitda teleko‘rsatuv sababli omon qoldi

Foto: WA POLICE / PA

Avstraliyaning chekka hududlarida bir necha kun adashib yurgan britaniyalikka “mushkul vaziyatda omon qolish” haqidagi teleko‘rsatuv tirik qolishiga yordam berdi, deb xabar qildi Telegraph nashri. 

Ma'lum qilinishicha, 32 yoshli Entoni Kollinz sevgan qizi bilan Pert shahridan Darvin shahriga sayyohat qilishga qaror qilib,  mamlakatning eng chekka hududlaridan biridan 4 000 km lik masofani bosib o‘tmoqchi bo‘lganlar. Ular taxminan yo‘lning yarmiga kelganda urishib qolib, turli tomonga qarab ketishgan. Qumga tiqilib qolgan avtomobilni ham tashlab ketishga to‘g‘ri kelgan.

Qiz tashnalik va atrof-muhitni anglay olmaslik holatida konchilar lagerigacha yetib borgan va o‘sha yerda yigitining yo‘qolganini ma'lum qilgan. Yigitni uch kun o‘tib topishga muvaffaq bo‘lingan. Qutqaruv operatsiyasiga aviatsiya hamda mahalliy izquvarlar jalb etilganlar.

Keyinchalik Kollinz britaniyalik sayyohatchi, teleboshlovchi va yozuvchi Bear Grillsning “Har qanaqasiga omon qolish” ko‘rsatuvini ko‘rishdan olgan malakalar evaziga tirik qolganini ma'lum qilgan. Bu ko‘rsatuvda Grills sharoiti og‘ir, yovvoyi joylarga borib, u yerda qanday omon qolish mumkinligini namoyish qiladi. 

Britaniyalik 3 kun ichida qo‘ng‘izlar va gullar bilan oziqlanganini hamda kechqurun sovqotib qolmaslik uchun qumga ko‘milib, ustini barglar bilan yopganini so‘zlab bergan.  

Kollinz topilgach, vertolyotda G‘arbiy Avstraliya shtatidagi shifoxonaga yetkazilgan. Times nashrining ma'lum qilishicha, yigitga 7 avgustda shifoxonadan javob berishgan. Kollinz shifoxonadan chiqishi bilan sevimli qizi bilan cho‘lga qaytib, u yerda qoldirib ketilgan avtomobilni qaytarishga oshiqqan.

Mavzuga oid
Top