14:07 / 08.08.2017
4544

Google va Facebook mediamagnatlarga aylanmoqda

Agar siz texnologiyalarning hayotimizga qanchalik ta'sir qilayotganini shubhass ostiga qo‘yadigan bo‘lsangiz, yaqinda Google kompaniyasi bu borada yangi isbotlarga ega bo‘ladi. Korporatsiya Time va CNN kabi yangiliklar kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda. Unda Google kompaniyasining maxsus yangiliklar va maqolalar loyihasi muhokama etilmoqda. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, g‘oya shundan iboratki, foydalanuvchilar Google saytlaridan hamkorlar tomonidan tayyorlangan va mobil qurilmalarida ko‘rish oson bo‘lgan matnlar, fotosuratlar va videolavhalarga o‘tishsin. 

Umuman, Google egasi bo‘lgan Alphabet xoldingi ko‘plab turli loyihalarni ishlab chiqadi. Ularning barchasi ham muvaffiqiyatli chiqavermaydi. Bu fikrga Google kompaniyasining omadsizlikka duch kelgan 18 ta ulkan loyihasini keltirish mumkin. 
Ehtimol, Stamp deb nomlangan yangi loyihani ham shunday ayanchli natija kutayotgandir. Shunga qaramay, Google, Facebook va bir nechta texnologik kompaniyalar, endilikda, yangiliklar va ko‘ngilochar materiallar tayyorlashga ta'sir ko‘rsata oladi. 

Bu esa, bugungina paydo bo‘lgan narsa emas, balki ko‘p yillardan beri davom etayotgan voqelik. Agar, OAV o‘z maqolalari Google qidiruv tizimi va Facebook tasmalarida ko‘proq aks etishini xohlasa, shunga yarasha ishlashi kerak. Bu zarurat shaklni va mazmunni ilgari sura boshladi. 

Aytaylik, Google vebsahifalar smartfonlar va kompyuterlarda tezda yuklanishini xohlaydi. Ko‘plab vebsaytlar va reklama beruvchilar bunga erishish uchun ma'lum bir ishlarni amalga oshirishga majbur bo‘lishadi. Shunga ko‘ra, OAVning videolavhalar, yangiliklar, ilovalar va boshqa IT mahsulotlarni tayyorlovchilar Google, Facebook, Apple, Twitter va Snapchat istaklariga qarshi chiqishni xohlashmaydi. Axir ular milliardlab foydalanuvchilarga ega. Birgina Google’ning kamida 7 ta mahsulotining bir oylik auditoriyasi 1 mlrd kishidan ortadi. 

Ammo, vaziyat o‘zgarib bormoqda. Bugungi kunda texnologik gigantlar bundan qoniqish hosil qilmayapti. Endi ularning o‘zlari qaysi yangilik birinchi ko‘rsatiladi, qaysi kompaniya yutadi, qaysisi kasodga uchrashini hal qiladi. Masalan, Facebook yetakchisi Mark Tsukerberg internet kelajagi videokontentda bo‘ladi, degan xulosaga kelganidan  beri, o‘z g‘oyasini samarali hayotga tatbiq etib kelmoqda. Facebook videokontent tayyorlovchi kompaniyalar va mashhur kishilarning loyihalaini moliyalashtiruvchi dasturni ishlab chiqdi. Buning natijasida bugungi kunda videoroliklar qamrovi oyiga 2 mlrd kishini tashkil etmoqda. 

Bundan tashqari, Facebook o‘z algoritmlarini shunday sozlashi mumkinki, uning foydalanuvchilari ko‘proq roliklar tomosha qilishadi. Garchi, so‘nggi vaqtlarda bu birmuncha qarshilikka duch kelayotgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoq asta-sekinlik bilan internet foydalanuvchilarini o‘z qoidalariga ko‘niktirishi mumkin.

Snapchat borasida ham yuqoridagilarni aytish mumkin. Kompaniya kontent ishlab chiqaruvchilar bilan ilovaning yosh foydalanuvchilariga mos roliklar borasida kelishib oldi. Google deyarli aynan shu usulda Stamp loyihasiga qo‘shiluvchilarga o‘z shartlarini ilgari sura oladi. Chunki u internet qidiruv xizmati, YouTube, Android telefonlar va boshqa ko‘plab mahsulotlar va vebsaytlarga ega. Shubhasiz, Google va Facebook yangiliklar va ko‘ngilochar xabarlarga tayyor bo‘lgan ulkan auditoriyani tayyorladi. 

Muammo shundaki, milliardlab salohiyatli o‘quvchilar va tomoshabinlar Facebook va Google qullariga aylanib bormoqda. Bundan sanoatning barcha yangi reklama daromadi deyarli shu ikki kompaniyaga tegishli bo‘lmoqda. Shunday ekan, telekanallar, musiqa leyblari va gazetalar aksar hollarda o‘z o‘quvchi va tomoshabinlaridan bevosita moliyalashtirishni yoki raqamli videoga o‘tishni so‘ramoqda. 

Ammo, tarix saboqlariga ko‘ra, bir necha odam yoki kompaniya axborot maydoniga juda katta ta'sir ko‘rsata boshlasa, bundan yaxshilik chiqmaydi. Bu borada Uilyam Rendolf Xerst va Jozef Pulittser XIX asr oxirlaria «gazeta urushi»ni keltirib chiqarganlarini eslash kifoya.

Mavzuga oid
Top