12:45 / 09.08.2017
55238

Taklif: Bir sohaga ikkita vazirlik nega kerak?

Yoshligimdan bir savol meni qiziqtirib keladi: Bitta sohaga ikkita vazirlik nega kerak? Gap xalq ta'limi vazirligi hamda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ustida bormoqda. Ayniqsa, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan olamshumul islohotlar — O‘zbekiston Respublikasi «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonuni hamda «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning hayotga tatbiq etilganligi bu savolni yanada oydinlashtirgandek, nazarimda.

Chunki mazkur ikki Dasturilamalda TA'LIM jarayonlari YaXLIT TIZIM sifatida shakllantirilgan, ya'ni asosan, 3 bosqichli ta'limni nazarda tutadi: maktabgacha va umumiy o‘rta ta'lim, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi, oliy va malakaviy ta'lim. Ana shu asosiy xususiyatni hamda quyi tizimlardagi tashkiliy jihatdan ayrim uzilishlarni hisobga olgan holda ikkala vazirlik negizida O‘ZBeKISTON ReSPUBLIKASI TA'LIM VAZIRLIGINI tashkil etishni taklif etaman.

Ushbu vazirlik yuqorida aytib o‘tilgan ta'lim bosqichlarini qamrab oluvchi UChTA boshqarmani o‘z ichiga oladi:

1. Maktabgacha va umumiy o‘rta ta'lim bosh boshqarmasi.

2. O‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi bosh boshqarmasi.

3. Oliy va malakaviy ta'lim bosh boshqarmasi. (Oliy ta'limdan keyingi ta'lim bosqichlari ham shu boshqarma vakolati doirasiga kiradi).

Endi hozirgi holatga bir oz izoh bersam.

Uch bosqichli tizimga o‘tilgandan keyin maktabgacha ta'lim va ayniqsa, umumiy o‘rta ta'lim rivojlanishdan orqada qolib ketdi, «maktab» tushunchasining ohori to‘kilib ketdi va shunga muvofiq tarzda xalq ta'limi vazirligining ham nufuzi anchaga pasaydi.

Bu jihatdan oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ancha ilgarilab ketdi. Ta'bir joiz bo‘lsa, bu holatni bir hovlida yashayotgan BOY AKA va KAMBAG‘AL UKA oilasining hayot tarziga qiyoslagim keldi. Endi agar ularning ro‘zg‘orini birlashtirsak, ya'ni yagona O‘ZBeKISTON ReSPUBLIKASI TA'LIM VAZIRLIGI tashkil etilsa, ko‘zlangan maqsadga — barkamol avlodni shakllantirishda yanada yaxshiroq samaralarga erishish mumkin bo‘lardi.

Biz istaymizmi-yo‘qmi, baribir, asosiy fundamental bilim va tarbiya maktabda berilishi kerak. Demak, umumiy o‘rta ta'lim kuchaytirilsa, o‘rta-maxsus va oliy ta'lim ham bundan to‘liq manfaatdor.

Taklifning yana bir jihati shuki, bir vazirlik tasarrufiga o‘tgach, oliy ta'lim tizimi resurslarining bir qismini maktabgacha ta'lim va umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini rivojlantirishga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi. Bunday tizimga o‘tishning ma'naviy asoslari haqida ham atroflicha gapirish mumkin.

Jamiyatga toza havo olib kirayotgan prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 11 yillik o‘rta ta'limni qayta joriy qilishni taklif qilgan ekanlar, ushbu jarayonda uzluksiz ta'limdagi yangilanishlar ham yuqoridagi taklifim asosli ekanini yana bir bor isbotlab turibdi.

11 yillik maktabning afzal tomonlarini e'tirof etgan holda, bu yangilikka yuz foiz qo‘shilamiz. Lekin shu bilan birga kollejlar faoliyatini ham saqlab qolish zarur va shart. «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy Dasturida o‘rta maxsus ta'limga «ixtiyoriy-majburiy» tamoyili asos qilib olingan. Shu richagni qo‘yib yubormaslik kerak. Balki o‘qish muddati 3 yil emas, 1–2 yillikka qisqartirilar, lekin 11 yillik maktabni tamomlagan bitiruvchilarning oliy ta'lim muassasalariga qabul qilinmagan qismi albatta kollejlar tomonidan qamrab olinishi kerak.

Ana shunda «11 yil maktabda o‘qib, biror ishning boshini tuta olmaydimi?» degan savolga o‘rin qolmaydi. Menimcha, maktabni tamomlagan bitiruvchi oliy ta'lim yoki o‘rta maxsus ta'lim diplomiga ega bo‘lishi shartligi qonunan belgilab qo‘yilishi kerak.

Yana bir muhim gap: Agar yagona ta'lim vazirligi tashkil etilsa, xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi pedagog va xodimlarning ham yelkasiga oftob tegardi.

Ma'rifat Qosimova,

filologiya fanlari nomzodi,

Andijon shahri.

Top