17:05 / 10.08.2017
8848

«Bir makon, bir yo‘l»: O‘zaro manfaatli hamkorlik uchun katta imkoniyat

Bugungi globallashuv jarayoni davlatlararo va mintaqalararo hamkorlikning yangi shakl hamda samarali usullaridan unumli foydalanish zarurligini ko‘rsatmoqda. Bunda, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun barqaror rivojlanish, jahon bozorlariga chiqishning diversifikatsiya qilingan yo‘llarini ochish, milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash dolzarb ahamiyatga ega.

Shu ma'noda aytganda, Xitoy Xalq Respublikasining “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi mintaqa ­davlatlarining uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlariga qaratilgani bilan muhimdir.

Yurtimiz azal-azaldan Buyuk Ipak yo‘li chorrahasi, juda ko‘plab savdo yo‘nalishlari kesishgan, madaniyatlar almashadigan maskan bo‘lgan. Qadimiy Xitoy manbalarida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan shaharlar sifatida qayd etilgan. Shu bois ham O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin tomonidan ilgari surilgan “Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi”ni tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Bu “Bir makon, bir yo‘l” konsepsiyasining ajralmas qismidir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida o‘tgan xalq­aro forumda ushbu loyihani yanada takomillashtirish hamda rivojlantirish yuzasidan mamlakatimiz pozitsiyasini ma'lum qildi.

Shubhasiz, yurtimiz Markaziy Osiyo mintaqasida transport, energetika, savdo, investitsiyalar hamda yuqori texnologiyalar sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilishidan manfaatdor. Binobarin, mintaqa tabiiy, ishlab chiqarish va inson resurslariga boy hudud sanaladi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi ishtirokchi mamlakatlarga o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, bir-birining iqtisodiyotini to‘ldirish, savdo hamda investitsiyalarni ­rag‘batlantirishga zamin ­yaratadi.

“Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi”ning ulkan moliyaviy-iqtisodiy salohiyatini inobatga olgan holda, hamkorlikda aniq, eng avvalo, infratuzilmani rivojlantirish va yangi sanoat quvvatlarini tashkil qilishga qaratilgan loyihalarni ro‘yobga chiqarishga  alohida urg‘u berish lozim. Shu ma'noda aytganda, 2013 yili tashkil etilgan ­“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish mamlakatimiz uchun katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu hududda xitoylik investorlarga qulay shart-sharoit va preferensiyalar yaratilgan. Bunday hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarga turtki beradi. Shuningdek, uchinchi mamlakatlar bozoriga birgalikda chiqish uchun sharoitlar yaratadi. “Jizzax” EIZda tuzilgan “Peng-sheng” sanoat parki yuqori texnologiyali ishlab chiqarish sub'yektlarini yaratishga mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda yuqori qo‘shimcha qiymatli raqobatdosh mahsulotlar ­ishlab chiqariladi.

Mamlakatimizda iqtisodiyotga ilm-fanni integratsiya qilish, yuqori innovatsion texnologiyalarni jalb etish hamda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya­lash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Iqtisodiy yo‘nalish” liniyasi bo‘yicha inte­gratsiyalashgan yuqori texnologiyalar sanoat parklarini hamda ilmiy-innovatsion klasterlarni qurish, raqobatdosh va ilm-fanga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalar tashkil qilish uchun erkin va maxsus iqtisodiy zonalar tuzish ustuvor bo‘lishi lozim. Shu munosabat bilan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi, jumladan, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki moliyaviy imkoniyatlarini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, O‘zbekiston Xitoyning mazkur moliya muassasasini tashkil qilish bo‘yicha tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan edi. Mamlakatimiz ushbu bank ta'sischilaridan biri hisoblanadi. Pekinda o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumida Xitoy tarafi “Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi” barpo etilishi ishtirokchilari bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun qo‘shimcha ravishda mablag‘ ajratilishini bildirdi.

Tashqi bozorlarda xaridorgir, yuqori qo‘shimcha ­qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta'minlaydigan mineral-xom ashyo va qishloq xo‘jaligi resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy sanoat sub'yektlarini tashkil etishga xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratish, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining ­ishlab chiqarish hamda resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanish maqsadida 2017 yil yanvar oyida Prezidentimizning “Urgut”, “o‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi Farmoni qabul qilindi. Erkin iqtisodiy zonalar hududida alohida soliq, bojxona hamda valyuta tartibi amal qiladi, ya'ni xorijlik, shu jumladan, xitoylik investorlarning biznesini rivojlantirishi uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgan.

“Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi” tashabbusi amalga oshirilishi biznes doiralari o‘rtasida hamkorlikning aniq loyi­halari muhokamasi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz bo‘lmaydi. Bu mamlakatlarimiz biznes tuzilmalarining ilgari surilayotgan tashabbuslar, lo­yihalardan xabardorligini oshirish, amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun ham zarur. Ikki davlat ishbilarmonlarining O‘zbekistonda va ­Xitoyda o‘tkazilayotgan yarmarkalar, ko‘rgazmalardagi ishtirokini kengaytirish lozim.

Bugun yurtimiz tashqi dunyo uchun tobora ochiq bo‘lib bormoqda. Bu sa'y-harakatlar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyoda mamlakatimizning istiqbolli hamda ishonchli hamkor sifatidagi mavqei yuksalishiga xizmat qilayapti. Jumladan, Prezidentimizning Xitoyga davlat tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda 23 mil­liard dollarlik 115 ta bitim imzolangani ham fikrimizning yaqqol ­tasdig‘idir.

Qolaversa, O‘zbekiston ­dunyoda so‘nggi o‘n yildan ortiq muddat davomida barqaror o‘sish sur'atlariga erishib kelayotgan sanoqli davlatlardan biridir. Jahon banki ekspertlarining fikricha, 2017/2018 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur'ati 7,4 foiz darajasida saqlanib qoladi. Tabiiyki, moliyaviy-iqtisodiy barqarorlik chet el investitsiyasini jalb etish, ishbilarmonlar va ilmiy doiralar bilan hamkorlik aloqalarini faollashtirish uchun qulay sharoitlar ­yaratishga xizmat qiladi. Shu ma'noda aytganda, “Bir makon, bir yo‘l” konsepsiyasi barcha manfaatdor taraflar o‘rtasida mustahkam munosabatlar uchun hamkorlik maydoni vazifasini o‘taydi.

Abbos Boboxonov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi.

Top