Xitoy ichki bozorida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni o‘zida jamlagan, 2005 yili nashr chiqqan «Bir milliard xaridor» kitobining muallifi Jyeyms Makregor o‘z asarida shunday deydi:

«Xitoyda «​tinglayman va bo‘ysunaman»​ tamoyili asosida ish tutish tadbirkorlik ishingizga zarar yetkazishi yoki uni butunlay xonavayron qilishi mumkin».

Bu so‘zlar ayni kunlarda Xitoyning talablarini qondirib kelayotgan Apple rahbariyati uchun ham qo‘l kelishi mumkin, deb hisoblashmoqda g‘arb mutaxassislari. Negaki, VPN, proksi server yaratib berishda qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan ilovalar, Xitoy hukumatining talabi bilan Apple Store ilovalar yuklash maydonining hududiy bo‘limlaridan olib tashlandi. Kompaniya rahbari Tim Kuk bu harakat bilan uning jamoasi Xitoy qonunchiligini hurmat qilishini bildirgan.

Iqtisodiy urushda kompaniya qay tarafda turadi: Xitoy yoki AQSh?

Boshqa tarafdan bu holat AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoy iqtisodiy ekspantsiyasiga qarshi aksilharakatlari naqadar murakkab jarayonda yuz berayotganini ham ifoda etib turibdi. Agar Oq uy vakillari Xitoyning intellektual mulk huquqlarini poymol etayotganini ro‘kach qilgan holda unga qarshi iqtisodiy urushni e'lon qilsa, mamlakat ichkarisidagi kompaniya direktorlari uchun bu masala oson bo‘lmaydi.

2011 yil Microsoft kompaniyasi direktori lavozimida faoliyat olib borgan Stiv Balmer bir qancha kompaniya moliyaviy kirimlariga oid raqamlarni oshkor qilgan. Unga ko‘ra, Microsoft​'ning Xitoydagi daromadi AQSh bozorida topgan pullarining 5 foizga teng ekan. Hech kimga sir emaski, Xitoy iqtisodiy o‘sish sur'atlari bilan ajralib turgan Osiyoning qudratli davlati bo‘lib qolishi uzoqqa cho‘zilmasligi mumkin. Shuning uchun sharqiy Osiyo mamlakati «Xitoyda ishlab chiqarilgan-2025» loyihasini amalga oshirish uchun katta ishlarni boshlab qo‘ygan. Loyihani muvaffaqiyatli tugallash uchun, albatta, g‘arb intellektual yutuqlari zarur bo‘ladi.

Xitoyliklar bozorida hozir bo‘lishnng tovoni va mukofoti - bozorning o‘zida

Masalaning yorqin argumenti shundan iboratki, Xitoy xalqaro IT kompaniyalarning bozoriga kirib kelishi uchun yangi texnologiyalarni sotishini so‘raydi yoki har xil talablarni qo‘ya boshlaydi. Nega g‘arbda hurmat va qudratga ega bo‘lgan kompaniya rahbarlari Pekin oldida oddiy tadbirkorga «aylanib» qolmoqda?