17:34 / 10.08.2017
16208

O‘zbekiston taraqqiyotida yangi sahifa: Pragmatik va samarali muloqot hamda kreativ iqtisodiyot sari

Bugungi kunda mamlakatimizdagi ­islohotlar, eng avvalo, dunyoda, shu jumladan, jahon iqtisodiyoti ­kon'yunkturasida yuz berayotgan turli o‘zgarishlarga mos holda amalga oshirilmoqda. Tanlab olgan yo‘limiz global inqirozdan keyin jahon iqtisodiyoti rivojlanish ­sur'atlari pasaygan bir sharoitda o‘zining barqarorligi va hayotiyligini ko‘rsatayotir.

Ekspertlarning tasdiqlashicha, O‘zbekistonda kuzatilayotgan makroiqtisodiy barqarorlik tashqi salbiy ta'sirlarga samarali qarshi turish imkonini berayapti.

Ayni vaqtda mamlakatimizda 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiya­sida belgilab berilgan vazifalar izchil ro‘yobga ­chiqarilmoqda. Ushbu dasturiy hujjat mamlakatimizning mutlaqo yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tishi uchun yo‘l ochib berdi. Ekspertlar fikricha, Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi O‘zbekiston uchun katta qadam bo‘lib, mamlakat bu borada izchil va ishonchli harakat qilib, zarur mustahkam asosni yaratgan edi.

Pragmatik va samarali muloqot

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davlat va jamiyat munosabatlariga yangicha ruh bag‘ishladi. Soha rivoji davlat hamda jamiyat, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi shakllari amaliyotga joriy etilishiga xizmat qilmoqda.

Shu ma'noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligi ko‘rsatkichi, joylardagi muammolarni ­chuqur tahlil etish hamda hal qilish ­mexanizmi sifatida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Virtual qabulxona qisqa davr mobaynida aholini tashvishga solayotgan masalalarni yechish bo‘yicha ta'sirchan vositaga aylandi. Buni murojaatlar statistikasi ham tasdiqlaydi. Ya'ni bugungi kunga kelib, fuqarolardan bir milliondan ziyod murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ulardan 94 foizi ko‘rib chiqilgan. Shunday qilib, davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi javobgarligi tamoyili amalda ro‘yobga chiqarilmoqda. Fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi kuchaygan. Bu esa davlat va xalq munosabatlaridagi o‘zaro ishonchning mustahkamlanishida, jamiyatning barqarorligi va taraqqiyotida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir. Eng muhimi, ekspertlar aholi tafakkurida, dunyoqarashida ijobiy o‘zgarishlar yuz ­berayotganini qayd etishayapti. Ularning nazdida bu jamiyat oldidagi vazifalarni ro‘yobga chiqarishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.

 

Kreativ iqtisodiyot sari

Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, qishloq xo‘jaligini tarkibiy yangilash, shuningdek, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan hayotiy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Shunisi e'tiborliki, belgilangan vazifalarni to‘liq amalga oshirish uchun O‘zbekistonda innovatsion taraqqiyotga hamda iqtisodiyotning o‘sish sur'atini jadallashtirishga asoslangan kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rilayotir.

Uning asosiy g‘oyasi nafaqat eksportni ko‘paytirish, balki sifatli ish o‘rinlari yaratish imkonini beruvchi yangi tarmoqlar, tovar va xizmatlarni yo‘lga qo‘yishni ta'minlashdan iborat. Kreativ iqtisodiyot, shuningdek, “start-ap”lar, ya'ni yangicha biznes-loyihalar, original g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali ­fuqarolarning ishlab chiqarishdagi faol ishtirokini ko‘zda tutadi.

Yurtimizda “start-ap”lar tobora keng joriy etilmoqda. Ular, ayniqsa, yoshlar orasida ommalashgan. Masalan, shu yilning mart oyida Yoshlarning “start-ap” tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturiga start berildi. Unda O‘zbekistonning turli oliy ta'lim muassasalaridan mingdan ziyod talabalar ishtirok etdi. Keng qamrovli ushbu loyihada eng ko‘p tashabbuslar elektron tijorat, ta'lim, kommunikatsiya va navigatsiya texnologiyalari, transport hamda yo‘l infratuzilmasi, tibbiyot va biotexnologiyalar sohasiga tegishli bo‘ldi.

Prezidentimiz tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish hamda liberallashtirish maqsadida 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, amaldagi qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili instituti tuzildi. Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, O‘zbekistonda iqtisodiy siyosatni amalga oshirish bo‘yicha yondashuv o‘zgarayapti. Bu, avvalambor, aholining iqtisodiy faolligini oshirish va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgandir. Bunda asosiy e'tibor yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishni tashkil qilish hamda kengaytirishga xorijlik sheriklar va investitsiyalarni jalb etishga qaratilmoqda. Chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarni tashkil qilish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida mamlakatimiz hududlarida erkin iqtisodiy zonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilayapti. Qisqa davr ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida 11 erkin iqtisodiy zona tashkil etildi. Bu ham hududlarning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan foydalanish jug‘ro­fiyasi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish izchil iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. 2016 yil yakunlariga ko‘ra, kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,9, sanoatda 38,9, chakana savdo aylanmasida 87,1, pullik xizmatlarda 50,8 foizni tashkil qildi. Iqtisodiyotning ushbu sektorida mehnatga layoqatli aholining 77,9 foizi band.

Ma'lumki, har qanday jamiyatning rivojlanganini inson kapitali, ya'ni intellektual salohiyat, salomatlik, ta'lim, mehnat unumdorligi, yuqori hayot sifati belgilab beradi. Bugungi zamonaviy ­dunyoda aynan ushbu omil kreativ iqtisodiyotning asosiy lokomotivi sanaladi. BMT tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2016 yil yakunlari bo‘yicha inson rivojlanishi yuqori darajada bo‘lgan davlatlar qatoridan joy oldi.

Ekspertlar yana shunga e'tibor berishmoqdaki, O‘zbekistonda kreativ sinfning shakllanishi faollashdi va u kelgusida mamlakat iqtisodiyotida tayanch nuqtaga aylanadi. Jumladan, ilmiy ishlanma hamda tadqiqotlar, tajriba-sinovlar o‘tkazish, innovatsion mahsulotlar namunalarini o‘zlashtirishga ixtisoslashgan innovatsion texnoparklar tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Ular kimyo texnologiyalari, farmatsevtika va tibbiy biotexnologiyalar, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati, energiya tejamkorligi, muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishlab chiqarish, mashinasozlik, elektrotexnika singari sohalarga tegishli.

 

Milliy brend shakllanmoqda

Ma'lumki, muayyan davlatni xalqaro miqyosda ikki yo‘l bilan, ya'ni mamlakat brendini yaratish hamda shu asosda milliy tovarlar va xizmatlarni keng ­ishlab chiqarish orqali targ‘ib qilish mumkin. Mutaxassislarning fikricha, muvaffaqiyatli brendni yaratish “iqtisodiyotning olti burchagi” deb ataladigan hamda o‘zaro bog‘langan oltita sohani rivojlantiradi. Bular turizmni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, ichki va tashqi siyosatni faollashtirish, ­investitsiyalarni jalb qilish, mamlakat madaniyatini targ‘ib qilish hamda aholi farovonligini yuksaltirishdir.

O‘zbekiston jahon bozorida milliy brendni ilgari surish bo‘yicha ulkan imkoniyatlarga, zaxiralarga ega. Xususan, xalqimizning boy madaniy merosi, yurtimizning barqaror rivojlanib borayotgani, mehmondo‘st xalqimiz, zamonaviy infratuzilmalarga ega shaharlarimiz bu borada bizga qo‘l kelishi mumkin. Milliy brendni shakllantirishda davlat, biznes va jamiyat hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Bunda biznes milliy brendni moliyalashtirishga asosiy ulush qo‘shishi kerak bo‘ladi. Chunki aynan ishbilarmonlar xorij investitsiyasini jalb qilish va mamlakatimiz mahsulot hamda xizmatlarining dunyo bozorlariga chiqishidan manfaatdor. Davlatning muvaffaqiyatli brendi yaratilishi nafaqat ichki va tashqi siyosiy imijni yaxshilashga, balki uning xalqaro maydondagi ­siyosiy ta'sirini kuchaytirish, eksport hajmini oshirish, xalqaro aloqalar va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, milliy g‘urur va milliy o‘zlikni anglash tuyg‘ularini rag‘batlantirish, mamlakat raqobatdoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Binobarin, yurtimiz dunyo tamaddunining beshiklaridan biri sifatida asrlar davomida Mag‘rib va Mashriq o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, insoniyatning madaniy hamda ilmiy boyliklarini o‘zida jam qilgan. Jonajon Vatanimiz ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk alloma hamda mutafakkirlarni yetishtirib bergan. Ekspertlar e'tirof etishicha, o‘zbekistonliklar azal-azaldan nafaqat uddaburon tijoratchi, iqtisodiyotni boshqarishga qodir, pul topishning hadisini olgan kishilar bo‘lishgan, shu bilan birga, ilm-fan dovrug‘ini yoyishga ham katta hissa qo‘shgan.

Bugungi kunda mamlakatimizning ­eksport jug‘rofiyasi izchil kengayib borayapti. Dunyoning Yaponiya, Koreya ­Respublikasi, Kuvayt, O‘mon singari qator davlatlarida savdo uylarini ochish bo‘yicha faol ish olib borilayapti. Afg‘onistonga “tahdidlar manbai” sifatida emas, balki strategik imkoniyatlar makoni sifatida qaralib, savdo aloqalari jadallashayotir.

Mamlakat xalqaro imiji, ko‘p jihatdan, o‘z yetakchisining barcha islohotlarda asosiy tashabbuskor sifatidagi roli bilan belgilanadi. Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalanishi, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi eng dolzarb muammolar bo‘yicha muloqotga ochiqligi bilan mamlakat milliy brendini shakl­lantirishda o‘rnak bo‘lmoqda.

Ushbu yo‘nalishda nufuzli xalqaro institutlarning baholari, reyting va indekslari muhim ahamiyatga ega. ­Masalan, Jahon bankining “Biznes yuritish — 2017” deb nomlangan ma'ruzasiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning 190 ta mamlakati orasida 87-o‘rinni egallagan. Bundan tashqari, Jahon banki o‘tgan yili mamlakatimizni tadbirkorlik sohasida muhim islohotlar o‘tkazgan mamlakatlar o‘ntaligiga kiritdi. “Focus Economics” tadqiqotlari natijalariga muvofiq, O‘zbekiston 2016 yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi sur'atlari bo‘yicha dunyoning 127 mamlakati orasida 7-o‘rinni egalladi. ­AQShning Gull-up instituti tadqiqotida o‘zbekistonliklar sayyoramizda eng baxtiyor va ijobiy kayfiyatdagi xalqlar uchligidan joy oldi.

Umuman, kuchli milliy brendni shakl­lantirish alaloqibat mamlakatimizning xalqaro reytingi, siyosiy ta'siri, investorlar ishonchi ortishiga, mahalliy mahsulotlar eksporti o‘sishiga, turizmning rivojlanishiga, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikning mus­tahkamlanishiga, aholi hayot sifatining yaxshilanishiga xizmat qiladi. Bugun O‘zbekiston o‘z atrofida farovonlik kamarini shakllantirish, jamiyat hayotining barcha jabhasiga zamonaviy yondashuv va usullarni keng tatbiq etish orqali o‘z bunyodkorlik ­salohiyatini jadal safarbar qilib ­borayapti.

Bunda mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotiga xalqimiz farovonligini oshirish nuqtai nazaridan baho berilayotgani diqqatga sazovordir. Bunday yondashuv, shubhasiz, yaqin istiqbolda o‘zining yuksak natijalarini beradi.

Abror Yusupov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi.

Top