16:29 / 11.08.2017
4057

Xitoyda Weibo va Baidu servislariga qarshi tergov ishi ochildi

Foto: Reuters

Xitoy Kiberxavfsizlik ma'muriyati (CAC, internetning xitoy segmentini nazorat qiluvchi davlat organi) mamlakatning eng yirik onlayn-platformalariga qarshi tergov ishini yo‘lga qo‘ydi. Unga ko‘ra, bu platformalarda "zo‘ravonlik, terrorizm, mish-mishlar, pornografiya va milliy xavfsizlikka soya soluvchi boshqa tahdidlar" aniqlangan. 

Mamlakatning uch yirik internet servisida tekshiruvlar olib boriladi: Tencent kompaniyasining WeChat messenjeri, Weibo mikrobloglar servisi (Twitter'ning xitoycha muqobili) va Baidu Tieba forumi. Kiberxavfsizlik ma'muriyati saytida shunga oid xabar berildi

Hukumat bu uch platformani internetdagi xavfsizlik to‘g‘risidagi va qator boshqa qonun hamda qarorlarni buzishda gumon qilmoqda. Xabarda tekshiruvlar o‘tkaziladigan sana haqida ma'lumot berilmagan. CAC foydalanuvchilarni internetdagi g‘ayriqonuniy kontentlar haqida hukumatga "faol xabar berish"ga chaqirdi. 

Tencent, Baidu va Weibo bu ma'lumotni tezda izohlay olishmadi, deya ta'kidlanadi Bloomberg va Reuters'da. Manbaga ko‘ra, hukumat Xitoy kompartiyasining XIX s'yezdi (yilning ikkinchi yarmida) oldidan internet-mediaga bosimni kuchaytirmoqda. 

Reuters agentligiga ko‘ra, iyul oyida CAC bu uch onlayn-platforma vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Hukumat ulardan o‘z platformalaridagi nomaqbul kontentlar (partiya funktsionerlari haqidagi mish-mishlar, Xitoy harbiy tarixining "buzib ko‘rsatilishi" va b.)ni "tozalash va tuzatish kiritish"ni talab qilgan. 

Agentlikka ko‘ra, WeChat'ning faol foydalanuvchilari soni - oyiga 940 million kishini tashkil qiladi, Weibo'da esa - 350 million kishi. 

Bloomberg ma'lumotlariga ko‘ra, CAC bayonotidan keyin Tencent kompaniyasi aksiyalarining narxi 4 foizga pasaygan.

Iyul oyi o‘rtalarida Pekin mamlakat hududida WhatsApp messenjerini bloklay boshlagandi. Bu Vinni-Pux bilan bog‘liq kampaniya doirasida ro‘y bergan: xitoylik internet foydalanuvchilari mamlakat yetakchisini unga o‘xshatishgan. 

Top