07:40 / 11.08.2017
3833

Liviya sohillari yaqinida xorijiy kemalarga noqonuniy muhojirlarni qutqarish taqiqlandi 

Foto: AFP

Liviya hukumati o‘z sohillari yaqinida xorijiy kemalarning O‘rta yer dengizi orqali Yevropaga yo‘nalayotgan noqonuniy muhojirlarni Tripoli ruxsatisiz qutqarishi noqonuniy hisoblanishini e'lon qildi. Bu haqda Daily Mail nashri ma'lum qildi.

“Biz Liviya suverenitetini buzayotganlarga hamda Liviya chegara xizmati va havo-dengiz kuchlariga hurmat bilan qaramayotganlarga aniq signal yo‘naltirmoqchimiz”, deb aytgan Liviya havo-dengiz kuchlari vakili, general Ayub Qosim Tripolidagi matbuot anjumanda. 

Liviya HDKning yana bir qo‘mondoni Tripoli “qidiruv-qutqaruv operatsiyalari hududi” yaratilishini e'lon qilganini ta'kidlab o‘tdi. Bu hududga xorijiy kemalarning tegishli ruxsatsiz kirishi taqiqlanadi.

General Qosimning ta'kidlashicha, bu choralar O‘rta yer dengizi orqali Yevropaga o‘tmoqchi bo‘lgan muhojirlarni qutqarayotgan bo‘lib ko‘rinayotgan nohukumat tashkilotlariga qarshi qaratilgan.

Daily Mail’ning ta'kidlashicha, avvalroq Liviya chegara xizmati nohukumat tashkilotlarini Yevropaga noqonuniy migratsiya bilan shug‘ullanuvchilarga ko‘mak ko‘rsatishda ayblagandi. O‘tgan haftada Italiya hukumati Jugend Rettet nohukumat tashkilotiga tegishli nemis qutqaruv kemasini musodara qilgandi. Tergovchilar kema jamoasini noqonuniy migratsiya tashkilotchilari bilan hamkorlik qilishda va kemadan muhojirlarni Yevropaga yo‘llarining oxirgi bosqichida o‘tkazishda foydalanishda gumon qilganlar. 

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Yevropaga dengiz orqali 111 mingdan ko‘proq noqonuniy muhojir kelgan. 2,3 ming kishi esa yo‘lda halok bo‘lgan.

 

Mavzuga oid
Top