Shavkat Mirziyoyev Olmaliq shahrining bosh rejasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Olmaliq mamlakatimizning sanoati rivojlangan yirik shaharlaridan biridir. Hududda yangi konlarning o‘zlashtirilishi, aholi sonining o‘sib borishi shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni taqozo etmoqda. 2035 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejaga ko‘ra Olmaliqning ma'muriy hududi 2 ming 600 gektardan 3,5 ming gektarga yetkaziladi. Sanoat hududi shahar markazidan olib chiqilib, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholiga qulay uy-joylar barpo etish ko‘zda tutilgan. 

Imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan yetti qavatli o‘nta uy Ibn Sino ko‘chasida bunyod etilmoqda. Har biri 42 xonadonga mo‘ljallangan ushbu uylarning dastlabki ikkitasi qurib bitkazilish arafasida. Mazkur uylarda aholiga yashash uchun barcha qulayliklar yaratilgan. 

Loyihaga ko‘ra, bu yerda gipermarket, maktabgacha ta'lim muassasasi, madaniyat va istirohat bog‘i ham quriladi. Bu aholi farovonligini yuksaltirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimiz aholining uy-joyga ehtiyojini hisobga olib, to‘qqiz qavatli uylar barpo etishni taklif etdi. 

Yangi uylar Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida shahar ahliga munosib tuhfa bo‘ladi, dedi Prezidentimiz. Uylar qurilishi yildan-yilga kengayib boradi. Kelgusida bu yerda barcha qulayliklarga ega zamonaviy mikrorayon qad rostlaydi, xalqimiz ham bizdan rozi bo‘ladi. 

Olmaliq shahridagi “Oydin” dehqon bozori va buyum bozorining bugungi kundagi holati, xizmat ko‘rsatish darajasi talabga javob bermay qolgan. Shu bois ushbu bozorlarni kapital rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha bino va savdo nuqtalari barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Mazkur loyihada dehqon bozoridagi turg‘un savdo nuqtalarini tartibga keltirib, zamonaviy avtoturargoh, buyum bozori uchun 450 o‘rinli pavilonlar barpo etish rejalashtirilgan. 

Prezident ushbu bozorlarda sotuvchi va xaridorlarga yaratiladigan shart-sharoitlar bilan qiziqdi. Inshootlarni zamonaviy qurilish materiallaridan foydalangan holda qisqa muddatda sifatli barpo etish, qo‘shimcha qulayliklar yaratish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. 

Mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, joylarda zamonaviy shifoxonalar barpo etish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Olmaliq shahar bolalar shifoxonasi rekonstruksiyasi shu ishlarning uzviy davomi bo‘lib, bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularga o‘z vaqtida va namunali tibbiy xizmat ko‘rsatishda keng imkoniyat yaratadi.