Tezlik haqida o‘zi nimalarni bilamiz? Avtomobil tezligidan, vaqtdan ustun kelishga uringan samolyotlarning qulashi, tezlikdan ag‘anagan poyezdlarda halok bo‘lgan odamlar haqida eshitganingizda hech tezlik – shaytonning quroli ekani xayolingizdan o‘tganmi?
Hayotda tezlik muhimmi yoki diqqat? Harakatlanish qanchalar maqsadli bo‘lsa, shundagina tezlik o‘zini oqlaydi. Tezlikning ahamiyati shu qadar yuqori ekan, to‘g‘ri yo‘ldan borish undan-da muhimroq bo‘lishi kerak.
Internet tezligi cho‘qqisiga yetgan davlatlarning tobora ma'naviy qashshoqlik domiga g‘arq bo‘layotgani, millatlarning, millat qiyofasining evrilib borayotgani buning isboti emasmi?
Bugun har bir internet foydalanuvchisi internet uchun oyiga kamida 10 dollar mablag‘ sarflaydi. Bu – 40 ming so‘m, umumiy hisobda esa deyarli 500 ming so‘m degani. Xo‘sh, bu pullar evaziga internetdan nima olyapmiz?
Messenjerlarda tarqalayotgan behayo video tasvirlar, tongga qadar davom etuvchi bema'no chatlar, bekorchi ovozli suhbatlar, ijtimoiy tarmoqlarda maqsadsiz sandiroqlash, bo‘lar-bo‘lmas fikrlar bilan odamlarning vaqtini o‘g‘irlash... Bunday misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Biroq, internet trafik uchun yiliga 500 ming sarflayotgan ota farzandiga 50 ming so‘mga biror badiiy kitob sotib olib berdimi? Bugungi kunda kitoblarning hatto elektron variantlari ham mavjud. Internet foydalanuvchilarning necha foizi smartfonida biror bir elektron kitob saqlaydi?
Bugun shahardagi yoki olis tog‘li hududdagi insonga ham tezkor internet kerak. Biroq, xorijiy ijtimoiy tarmoq yoki messenjerlarni nomma-nom sanab bera oladigan o‘sha odamlarning farzandlari ularga bilim olishga yordam beradigan ZiyoNet saytining borligi, bu saytda video, elektron darsliklar mavjudligi, u yerdan til o‘rgatuvchi maxsus qo‘llanmalarni yuklab olish mumkinligini bilmaydi.
Internetga mukkasidan ketgan odamning farzandiga internet berib qo‘ying-chi, bu odam qanchalar dahshatga tushadi. Boisi - u internetning faqatgina zararli ekanini tan oladi, garchi o‘zi shu olamga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa ham. Bu esa mamlakatdagi internet foydalanuvchilari soniga jiddiy zarar yetkazadi.
Smartfonida messenjer titkilayotgan, megabaytlarni isrof qilib, yarim tungacha "yaqinlari" bilan hiringlashayotgan erkakning ayoliga osonmi? Internet tezligining ahamiyatini ana shu jabrdiydalardan so‘rab ko‘ring. Bugun ajrim talab qilayotgan er yoki xotinlarning internetdagi kichik xatosi butun boshli oilaning boshiga yetgan holatlarni ham ko‘ryapmiz.
Bugun otaning bolasiga, o‘g‘ilning ota-onasiga befarqligini, odamlarning maydalashib, jizzakilashib, sharm-hayosiz bo‘lib borayotganini, hasad va ig‘voning ko‘payib borayotgani, odamlarning sovuqqon va qo‘pol munosabatini internetga to‘nkaydiganlar ham yo‘q emas.















