21:56 / 14.08.2017
15403

Dunyodagi eng qimmatbaho bolalar mashinasi 100 ming dollarga baholandi

Foto:motor.ru

Buyuk Britaniyada dunyodagi eng qimmatbaho bolalar mashinasi sotuvga qo‘yildi, deb xabar bermoqda The Sun nashri. Ferrari Testarossa sportkarining kichik nusxasi bo‘lgan bu mashina 75 ming funt sterlingga (97 ming dollar) baholangan.

Bolalar mashinasi o‘z o‘lchamlari bo‘yicha haqiqiy “Testarossa”ning yarmicha keladi. 1990-yillarda maxsus Harrod's do‘koni uchun bunday mashinadan uchtasi yaratilgan. Sotuvga qo‘yilgan mashinani restavratsiya qilish uchun bir yilga yaqin vaqt ketgan. Mashina 5 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan.

Bolalar “Testarossa”si shisha-plastik kuzov, o‘t o‘ruvchi mashinaning 200 kub sm lik benzinda ishlovchi dvigateli, ochiladigan eshiklar, surib chiqiluvchi faralar, ishchi asboblar, jumladan spidometr, charm bilan ishlangan interer va haqiqiy Ferrari sportkarining ruli bilan jihozlangan.

Bolalar avtomobili soatiga 40 km gacha tezlik bilan yura oladi.

Ferrari Testarossa modeli 1984 yildan 1991 yilgacha chiqarilgan. Sportkar 12 silindrli, 390 ot kuchiga ega dvigatel va 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Avtomobil 100 km/soat tezlikka 5,8 soniyada erisha olgan. Uning maksimal tezligi esa soatiga 290 km ni tashkil qilgan.

Top