2017 yilning 22 avgustidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 50000 so‘m bo‘lgan banknot ko‘rinishidagi yangi pul belgilarini muomalaga chiqaradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 50000 so‘m bo‘lgan pul belgilari 144 x 78 mm. o‘lchamdagi himoyalangan qog‘ozda tayyorlangan. 

Banknotning o‘ng tarafidagi keng oq rangli sathda O‘zbekiston Respublikasi Gerbi va “50000” raqami ko‘rinishida suv belgisi mavjud. 

Oq rangli sathning chap tarafidan qog‘oz qatlamida “Darcha” va “3D” effektli yuzaga chiqib, ichkariga botuvchi eni 4 mm. bo‘lgan himoya ipi o‘tkazilgan. 

Banknot old tomonining markazida Mustaqillik maydonidagi «Ezgulik» arkasi tepasidagi parvozga shaylangan laylaklar tasvirlangan. 

Chap yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” yozuvi mavjud. Ushbu matn «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI» so‘z birikmali takrorlanuvchi mikromatnli chiziq bilan ajratilgan. 

Mikromatnli chiziq ostida «O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART» matni aks etgan. 

Matn ostida to‘q yashil rangdagi O‘zbekiston Respublikasi Gerbi tasvirlangan. 

Banknot chap tarafining pastki qismida 50000 raqami va «ELLIK MING SO‘M» yozuvi mavjud bo‘lib, banknotning qiymatini bildiradi. 

Yuqoridagi barcha tasvirlar va yozuvlar bo‘rtib turadi, ushlab ko‘rilganda seziladi. 

Markazda O‘zbekiston Respublikasining hoshiyalangan xaritasi joylashgan bo‘lib, uning foni «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI» so‘z birikmali takrorlanuvchi mikromatn ko‘rinishida ishlangan. 

Chap taraf pastki qismidagi va oq rangli sathda joylashgan “50000” raqamlari tepasida yettita raqamli nomeri bilan ikki lotin harfidan iborat seriyasi joylashgan.