17:41 / 15.08.2017
83978

«Asosiy vazifa – so‘mga jamg‘arish funksiyasini qaytarish» - ekspert 50 ming so‘mlik kupyuraning joriy etilishi haqida

O‘zbekiston Markaziy banki 22 avgustdan boshlab 50 ming so‘mlik banknotalar muomalaga kiritilishi haqida ma'lum qildi. Uz24.uz nashri moliyashunos Aleksandr Davletov bilan bunday qarordan ko‘zlangan maqsad va u mamlakat iqtisodiyotiga qanday ta'sir ko‘rsatishi bo‘yicha qisqa intervyu o‘tkazdi.

-  50 ming so‘mlik kupyuralar nima maqsadda joriy etilmoqda? Nega aynan shu qiymat, 20 yoki 100 minglik emas?

-  Aholining hisob-kitob qilishini optimallashtirish va tezlashtirish. 50 minglik kupyura matematik jihatlar bo‘yicha 20 minglikdan ancha qulaydir. Bu yerdagi bosh vazifa – so‘mga jamg‘arish funksiyasini qaytarish.

-  Yangi kupyuraning joriy etilishida plyuslar bormi?

-  To‘g‘ridan to‘g‘ri plyuslar yo‘q, faqatgina bilvosita. Masalan, savdo sub'yektlari, pullik xizmatlar va banklarning tranzaksiya xarajatlari kamayadi.

-  Oziq-ovqat mahsulotlari va umuman tovarlar hamda xizmatlarning iste'mol bozori qimmatlashadimi?

-  Yo‘q, qimmatlashmaydi. Katta qiymatga ega yangi kupyura pullar emissiyasini anglatmaydi, muomalaga 10 va 5 minglik kupyuralar o‘rniga 50 ming kupyuralar kiritilmoqda, bo‘ldi. Pul massasi o‘zgarmayapti.

-  Bu banklardagi naqd pullar harakatiga qanday ta'sir ko‘rsatadi? Bu ish haqining plastik kartalarga o‘tkazish foizini kamaytirishga yordam beradimi? 

-  To‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘q, ta'sir ko‘rsatmaydi. Kartochkalarga o‘tkazish foizi asta-sekin ko‘ngilli ishga aylanadi. 5 va 50 minglik kupyuralar – bu jarayonda hech qanday ahamiyat kasb etmaydi.

-  Bu dollarning «qora» bozordagi kursiga ta'sir ko‘rsatadimi?

-  Yo‘q, ta'sir ko‘rsatmaydi. Dollarning «qora» bozordagi kursini umuman boshqa omillar aniqlaydi, kupyura qiymati emas.

Top