07:48 / 15.08.2017
17923

Kim Chen In AQShga raketa zarbasi berish borasida “kutib turishga tayyorligini” aytdi

Foto: AP

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakatning raketa qo‘shinlari rahbariyati bilan uchrashib, AQShning harbiy bazasiga raketa zarbasi berish borasida kutib turishga tayyorligini aytgan. 

Harbiylar suhbat chog‘ida Shimoliy Koreya kompartiyasi tomonidan tegishli buyruq olinishi bilan AQShning Guam oroli tomon zarba berishga tayyor ekanliklarini aytganlar. Kim Chen In harbiylarni maqtab, “amerikalik imperialistlar o‘z xatti-harakatlari bilan o‘z bo‘yinlarini sirtmoqqa tiqqanlarini” aytgan. Uning aytishicha, u AQSh barchasini taroziga solib, yaxshilab o‘ylab ko‘rib, o‘zining “dahshatli taqdirini” yengillashtiruvchi qarorga kelguncha kutib turishga tayyor.   

Kim Chen Inning ta'kidlashicha, amerikaliklar «Shimoliy Koreyaga nisbatan ig‘volarni to‘xtatishlari va kelajakda bunday urinishlardan voz kechishlari zarurligini tan olishlari kerak”.

Uning aytishicha, AQSh Shimoliy Koreyaning sabrini sinamoqda. Kim Chen Inning ta'kidlashicha, amerikaliklar oqilona fikr qilishlari kerak. U, shuningdek, raketachilar partiyaning buyrug‘ini doimo bajarishlari kerakligini va zarurat bo‘lganda “yankilar nafasini bo‘g‘ishlari” zarurligini ta'kidlab o‘tdi.  

Avvalroq Pentagon rahbari Jyeyms Mettis AQSh tomonga har qanday raketaning uchirilishi urush boshlanishini anglatishini aytgandi. Uning aytishicha, amerikaliklar «Shimoliy Koreyaning bunday harakatlariga tezda javob qaytaradilar».

Top