O‘zbekiston | 12:00 / 15.08.2017
42948
15 daqiqa o‘qiladi

Kirillcha imlodan to‘liq voz kechish vaqti keldi!

Yozuv haqida gap ketganda yaqin o‘tmishizga biroz nazar tashlasak. 1989 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan, ziyolilarimiz tomonidan o‘sha davrdayoq lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish taklif qilingandi. Amalda bu bizni, jahon hamjamiyatiga kengroq integratsiyaga o‘z tilimiz orqali kirishishimizda birinchi qadam bo‘lgandi.

1993 yil sentabr oyida bu borada hukumatimiz tomonidan lotin yozuviga asoslangan alifbo bo‘yicha muhim hujjat qabul qilindi (1995 yilda o‘zgartirish kiritildi). Bu ko‘pchilik uchun yaxshi, katta avlod vakillari uchun biroz o‘ylantiradigan voqea edi.

Lotin yozuvi bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda eng ko‘p qo‘llaniladigan eng yirik ko‘lamdagi jahon yozuviga aylangan. Buni quyidagi suratdan ham bilib olishingiz mumkin.

Lotin yozuvidan foydalanadigan davlatlar

Bugungi, XXI «axborot texnologiyalari asri»da lotin yozuvi eng qulay va samaralidir. Bosma nashrlarda ham matnda 10–15 foiz joy tejaladi. Yozuv masalasida xalqaro standartlarga moslik darajasi ortadi. Hatto, lotin yozuvidan foydalanmaydigan tillarda so‘zlashuvchilarning ko‘pchilik qismiga lotin yozuvi tanish. An'anaviy yozuvdan foydalanadigan tillarda ham ular o‘z tillarining xalqaro miqyosda lotincha transkripsiyalaridan foydalanadi. Masalan xitoy tilida Pinin, yapon va koreys yozuvining lotinchada yozilish qoidasi, hatto rus tilining xalqaro miqyosda foydalaniladigan bir qancha lotincha transkripsiyalari bor.

Ayni vaqtda, biz uchun o‘quvchilarni ingliz, fransuz, ispan, nemis, italyan va boshqa tillarni tezda o‘zlashtirishiga (ortiqcha imlo muammosi bo‘lmaydi) zamin yaratadi. Endi tanganing ikkinchi tarafi bor. Ayni paytda o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan xorijliklarning ham savod chiqarishida yengilliklar ko‘payadi.

1940 yilda mustabid tuzum bosimi ostida o‘zbek tilini rus tili ohangi va orfoepikasiga bo‘ysundirgan kirill alifbosi qabul qilindi (aslida 1956 yilgacha bir necha marta o‘zgartirishlar bo‘lgan). Mazkur alifboda o‘zbek tiliga yot bo‘lgan – yumshatish, ' – ayirish belgilari (arab tilidan o‘tgan so‘zlardagi ayirish, tutuq nisbati mustasno), yetti uxlab tushimizga kirmagan — Ts, «g‘alati unli»lar — Ya, Yu, Yo, Ye, «og‘a tili» mahsuli bo‘lgan yumshoq unli hodisasi (albom, shampun) o‘ylamasdan o‘zlashtirilgan. Shuningdek, o‘sha davrdagi tilshunoslarimizning bu masalaga nisbatan, no‘noqligi va xatosi bilan ikki xil bir-biridan mustaqil tovushni anglatadigan — J («jurnal» va «jahon») va O («polk» va «dono») chala harflari kiritilgani yetmaganday, rus «og‘a»larning og‘ziga havas qilinib «H» – harfimizni nafaqat xalqaro balki o‘zbekcha so‘zlardan «G» va «X»ga almashtirildi (Gaydar Aliyev, Rasul Gamzatov va boshqa). Bu kirilldagi bir nechta nuqsonlardan biri xolos.

O‘sha davrlarda Sobiq Ittifoqdagi kuchli ideologiya natijasida, bu borada o‘nglanishlar ko‘zga tashlanmadi. Tilning shakl shamoyili, imlosi va talaffuzi jiddiy tarzda rus tiliga bo‘ysundirishga harakat qilindi. Demak, anglashimiz kerak-ki, kirill yozuvi - turg‘unligimiz belgisi.

Lotin yozuvini bizga o‘tgan asrning 20-yillaridan ham, mustaqilligimizning boshlarida ham hech kim va hech qanday kuch majburlamadi. O‘z tashabbusimiz bilan, ongli ravishda o‘tdik. Alqissa, bu mustaqil O‘zbekiston belgisi, kerak bo‘lsa o‘zbek tilining mustaqilligi belgisi.

1995 yil may oyida kiritilgan o‘zgartirishlardan keyin 2000 yilgacha lotin yozuviga o‘tish rejalashtirildi. Keyin bu muddat 2005, 2010 yilgacha uzaytirildi. Endi masalaning asl mohiyatiga to‘xtalamiz. Nega shuncha paytdan buyon lotinga o‘tishimiz qiyin kechayapti?

Birinchidan, 1995 yildan keyin faqat maktablarda o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun darslik va boshqa o‘quv qo‘llanmalari chiqarildi, xolos. Ta'lim muassasalarida tahsil olmaydigan, ishchi va xizmatchilar, chekka hududlardagi aholi qatlami, shuningdek, katta avlod vakillari uchun lotin yozuvi targ‘iboti bo‘yicha aniq tizimli ishlar amalga oshirilmadi;

Ikkinchidan, bu boradagi targ‘ibotning eng katta mashinasi OAV orqali ham lotin yozuvining ijobiy xususiyatlari va qulayligini va ommabopligini targ‘ib qilish masalasida ko‘zga ko‘rinarli harakat bo‘lmadi. Haligacha O‘zbekiston va boshqa telekanallardagi ko‘rsatuvlarda, asosiy informatsion dasturlar «Axborot» va «Tahlilnoma» qo‘rsatuvlari titrlari kirill imlosida. Yaqindagina orziqib kutganimiz, jahon talablari darajasida deya aytilayotgan «O‘zbekiston 24» telekanali ham kelajakka emas, o‘tmishga havas qilib, efirda kirill yozuvidan foydalanyapti;

Uchinchidan, telekanallarimizda ingliz tilini o‘rgatuvchi bir nechta teledarslar tashkil etilayapti, lekin katta avlod uchun lotin yozuvini o‘rganish masalasida birorta ham dastur mavjud emas;

To‘rtinchidan, keng aholi qatlami, xususan katta avlod vakillari uchun kundalik yonda olib yurishga qulay bo‘lgan, sodda qo‘llanmalar mavjud emasligi;

Beshinchidan, haligacha davlat va nodavlat tashkilotlarda ishlaydigan kadrlarning lotin yozuvi masalasida bilimi haminqadar ekanligi va lotin yozuviga o‘tishga, tan olish kerakki, «erinchoqlik» qilayotgani, bu masalaga konservativ qarashda yondashilayotgani;

Oltinchidan, bu borada lotin yozuviga o‘tishni nazorat qiladigan respublika darajasidagi tashkilotning faoliyati ko‘zga ko‘rinmayotgani va amalda mavjud emasligi;

Yettinchidan, lotin yozuviga mulkchilik va yuridik shaklidan qat'i nazar o‘tish bo‘yicha huquqiy jihatdan aniq majburiy xarakterga ega bo‘lgan qonunosti hujjati mavjud emasligi;

Sakkizinchi, kadrlarni ishga qabul qilishda, ularni nafaqat lotin yozuvi balki, o‘zbek tili bo‘yicha ham bilim saviyasi deyarli inobatga olinmayotgani;

To‘qqizinchi, yoshlar uchun chop ettiriluvchi ommaviy nashrlarning hali ham kirillda chop etilayotgani (holbuki 1994 yil boshlab lotin alifbosi o‘qitilmoqda, demak aholining salkam yarmi lotinda tahsil olgan);

Agar yaxshilab o‘ylab qarasak, hammasi oddiygina bee'tiborlik natijasida kelib chiqqan sabablar. Hamma kimdir boshlab berishini kutdi, nazarimda. Aslida, qonunchilik hujjatlarida davlat va nodavlat tashkilotlarida rasmiy hujjatlarni lotin yozuvida yozmaslik to‘g‘risida hech qanday taqiq yo‘q. Ayni paytda, faqat kirillda yozilsin, degan topshiriq ham yo‘q. Demak, bu borada yuridik jihatdan ham aniqlik yetishmayapti.

Bu boradagi mavjud ishlar o‘z vaqtida amalga oshirilganda edi... Allaqachon lotin yozuviga o‘tishni yakunlagan bo‘lardik. Ba'zi pessimistlar (asosan kirillda tahsil olgan va lotinga hushi yo‘q) fikricha, O‘zbekistonni lotinga o‘tkazish qiyin emish. Bu bekor gap! Hammani o‘ziga o‘xshatmasin ular! Chunki bu ham jamoatchilik ichida ishonqiramaslik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin. Bu faqat o‘zgarishlarga moyil bo‘lmagan, eskichalikni saqlab qolish tarafdorlarining fikri. Marhamat, yoshlar o‘rtasida so‘rov qilib ko‘ring-chi, natija qanday chiqarkan?

Eng yomoni, ziyoli qatlam, ba'zi filolog va olimlar orasida ham bunday zararli fikrlarning mavjudligini nima bilan izohlash mumkin? Amalda, kirill alifbosi o‘zbek tilining orfografik va orfoepik qonuniyatlariga yetarli darajada mos kelmasligini bilib turib, bunday yondashish kerakmas, nazarimda. Emishki, o‘tgan asr davomida arab yozuvidan, lotin va kirillga, keyin yana lotinga o‘tish xalqimizni savodsiz qilishi va bebaho ilmiy merosimizdan ayirar emish. G‘alati holat!

Savol: O‘sha ilmiy me'rosimizni kim bizdan tortib olib qo‘yyapti? Uni qayerga yo‘qotyapmiz? O‘sha ilmiy me'roslarni ingliz, rus va boshqa yevropa tillariga o‘girish mumkin-u, shunchaki, kirilldan lotinga o‘girib bo‘lmaydimi?

«Erinchoqligimiz tutdi», desangiz to‘g‘ri bo‘lardi, menimcha. Bugun buni oddiy kompyuter dasturlari orqali, bir necha soniyada 99,9 foiz holatda to‘g‘ri o‘girish mumkin.

Keyingi bahona, xalqning savodsizlashishi. Hatto sobiq ittifoq paytida ham qishloq maktablarigacha nemis, ingliz, fransuz tillari o‘qitilgan. Butunlay so‘zlashish bo‘lmasa ham, katta avlodda o‘sha lotin yozuvi 70-80 foiz yodda.

Undan keyin 22 yildan buyon OAV, ko‘cha-ko‘ydagi, binolar peshtoqidagi yozuvlar, yangi nashr etilgan kitoblardagi lotin harflarini ko‘raverib, hammaning ko‘zi pishib ketgan. Hozirgi kunda, katta avlod vakillari ichida lotin yozuvini o‘qiy olmaydiganlarni topish qiyin.

Tan olish kerak, 1995 yili qabul qilingan imlo qoidalarida mustaqillik shamoli bo‘lsa-da ba'zi o‘rinlarda kirillni xatosini takrorlaganimiz ham rost. Lekin, bu juz'iy kamchiliklarni tuzatish mumkin. Hatto, kirill yozuvimiz ham yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, bir necha o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazgan. Lekin, o‘sha davrda hech kim bundan norozi bo‘lmagan.

Yana bir «dangasalik»ka misol: Lotin yozuviga o‘tish odamlarda qiyin kechishi... Ingliz va hatto xitoy tilini o‘rganish qiyin emas-u, o‘z ona tilimizni lotinda o‘qish qiyin ekanmi?

Marhamat, biz bilan birga boshlaganlardan, 2000 yildayoq Turkmaniston, 2001 yilda Ozarboyjon lotinlashtirish jarayonini to‘liq yakuniga yetkazdi (Alifbosiga ikki-uch marotaba o‘zgartitish kiritishga ham ulgurishdi). Hatto yoshi 50 dan oshganlar ham lotinchada bemalol o‘qib yoza olishadi. OAV, jamoatchilik, ta'lim, siyosat, iqtisod boringki, eng quyi darajagacha rusiyzabonlargacha, hamma o‘zini lotinda KOMFORT his qilmoqda.

Xo‘sh bizga nima yetishmayapti? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganiday «eskicha ishlash vaqti o‘tgan»ini chin yurakdan his qiladigan rahbarlar, faollar va eng muhimi TURTKI yetishmayapti nazarimda. Yanayam, osonroq aytganda kimdir boshlab berishi lozim.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar orqali adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayevning «O‘zbek tili hakka cho‘qigandek chuchmal tilga aylanayotganidan xavotirdamiz», degan maqolasini ko‘rib qoldim. Juda ham g‘alati taklif bilan chiqilgan! Kirillni birinchi, lotinni ikkinchi alifboga aylantirish masalasi. Qayerda ko‘rgansizki, bir tilning ikki yozuvi bo‘lganini? Lotin yozuvi, o‘zbek tili tabiatiga mos emas ekan. Siz aytgan o‘sha mutaxassislar isbot qilib bera olarmikan, kirill lotindan ustunligini? «Domla, kirill alifbosi mos edimi?», degan savol tug‘iladi. Yana aytibsizki «sho‘rolar undan avvalroq alifboni uch bora o‘zgartirib (arab, lotin, kirill), xalqimizni savodsiz etganlaridek»... demak sho‘ro yozuviga qaytaylikmi yana?

Endi o‘ylab ko‘ring-chi, 1995 yilda butun dunyoga jar solib lotinga o‘tishni aytib maqtangan edik. 22 yildan keyin nima deymiz xalqaro jamoatchilikka? Kulgili taassurot qoldirmaymizmi? «Uzr, jo‘jani xom sanagan ekanmiz», deymizmi? Yo «sho‘rolar»ni unuta olmaskanmiz», deymizmi? Yoki shunchaki «Hazillashgandik!» deymizmi?

22 yildan buyon savod chiqargan o‘n milliondandan ortiq qorako‘zlarimizgachi, ularning yuziga qanday qaraymiz? Bu savollarga domlamiz va boshqa kirillga qaytish ishtiyoqidagi «mutaxassislarimiz» nima deyisharkan?

Yaqindagina, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjon tajribasini aytib, yil oxiriga qadar qozoq tilining lotin yozuviga asoslangan imlosini ishlab chiqishni buyurdi va yaqin yillarda to‘liq o‘tish dasturi tayyorlangan. Bu orada, Qirg‘iziston hukumati tomonidan ham shunday tashabbus o‘rtaga tashlandi, ishlar boshlab yuborildi. Rossiya Federatsiyasida bo‘lsada, Tatariston va Qrimda lotin yozuvining o‘z tillariga mos imlosi tayyor holga keltirilgan. Tojikistonda ham lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha bir necha takliflar mavjud.

Eng muhimi bizda, Turkmaniston va Ozarboyjondan farqli 22 yillik tajriba bor. Savodlilik darajasi 99,9 foizlik marrani urgan imkoniyatimiz bor gap! Lotin yozuviga to‘liq o‘tish O‘zbekistonda inqilob darajasi emas, kichikroq islohot darajasida o‘tadi xolos. 2–3 yillik muddatda lotin yozuviga o‘tishda katta muammolar kelib chiqmasligi kunday ravshan. Yuqorida ta'kidlab o‘tilgan kamchilik va xatolarimizni bartaraf etaylik.

Jamiyatimiz mentalitetida shunday, hukumat tomonidan qat'iy, majburiy ko‘rinishdagi qaror ishlab chiqilsa, ijrosiga hamma kirishib ketadi. Tavsiyaviy xarakterdagi islohot esa... Rusiyzabonlar masalasida esa, davlat tilini bilish fuqaroning o‘sha mamlakat qonunlariga nisbatan hurmatining belgisi ekanligini eslatish kifoya.

Xullas, lotin imlosi masalasida, o‘yimizni o‘ylaganimizcha tavakkalchilar allaqachon ishini bitirib bo‘lishdi. Biz nimani kutayapmiz? Birinchi qadamni, tashabbusni kutayapmiz!

Unutmasligimiz kerakki, lotin yozuviga to‘liq o‘tish va unga ketagan xarajat, aslida mamlakatimiz kelajagi uchun kiritiladigan ham moddiy ham ma'naviy INVeSTITsIYaDIR.

Zero, ko‘z — qo‘rqoq, qo‘l — botir. Bu islohot bizni qo‘limizdan keladi!

M.Usmonov,

O‘zbek tili alifbosi va joriy imlo qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi a'zosi

Mavzuga oid