19:18 / 15.08.2017
17042

Samarqandda maktab direktori 1-sinfga qabul qilish uchun pora ustida qo‘lga tushdi

So‘nggi paytlarda tamagirlik, poraxo‘rlik va o‘z mansab mavqeini suiiste'mol qilish kabi og‘ir jinoyatlarni sodir etib, o‘z kasbiga, o‘z nomiga isnod keltirayotganlar ham yo‘q emas. Samarqand shahridagi 8-umumta'lim maktabi direktori va xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudiri o‘z nafsini jilovlay olmasligi natijasida bugun elu-yurt oldida yuzlari shuvit bo‘ldi. 

2017 yil 23 iyun kuni fuqaro G.Mo‘minov O‘zbekiston Respublikasi prezidentining virtual qabulxonasiga yo‘llagan murojaatida Samarqand shahridagi 8-sonli maktab direktori uning o‘g‘lini o‘qishga qabul qilish evaziga 200 ming so‘m pul talab qilayotganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.

Joriy yilning 28 iyun kuni Samarqand shahar prokuraturasi, viloyat IIB hamda soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasining xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahri Alisher Navoiy ko‘chasi 65-uyda joylashgan 8-sonli umumta'lim maktab binosida maktab direktori Aliboyev Nodir Tuxtamishevichning ko‘rsatmasiga asosan xo‘jalik ishlari mudiri Mohira Umarova fuqaro G.Mo‘minovdan uning voyaga yetmagan o‘g‘li Azizjon Haybullayev va jiyani Sabrina Isomiddinovalarni 8-sonli umumta'lim maktabining 1-sinfga o‘qishga qabul qilish evaziga 300 ming so‘m pullarni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlanib, daliliy ashyo sifatida tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Samarqand shahri 8-sonli umumta'lim maktab direktori Nodir Tuxtamishevich Aliboyevning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, tamagirlik yo‘li bilan pora olishda ifodalangan jinoiy qilmishlarning mavjudligi bois, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Farhod Norbo‘tayev,
jurnalist

Mavzuga oid
Top